“Auto.ru” saytida 1956-yilda ishlab chiqarilgan Porsche 35A — nemis markasining dunyodagi ilk 300 ta sportkaridan biri sotuvga qo‘yilgani to‘g‘risida e’lon paydo bo‘ldi. Sotuvchining ta’kidlashicha, 64 yoshli avtomobilga hozirga qadar bir kishi egalik qilgan va mashina 1 kilometrgina yo‘l bosgan, deb yozadi Motor.

Foto: “Auto.ru”

E’lon muallifining so‘zlariga ko‘ra, saloni qizil charm bilan qoplangan kumushrang kabriolet “muzey” holatida. Ushbu nusxa to‘rt yil davomida restavratsiya qilingan bo‘lib, uning barcha ehtiyot qismlari original. Porsche 356 A hozirda “Ming mil” (Mille Miglia) va Pebbl-Bich (Pebble Beach Concours d’Elegance) tanlovlarida ishtirok etishga tayyor.

Foto: “Auto.ru”

Mashina 105 ot kuchiga ega 1,6 litrli benzin motor yordamida harakatga keladi. Agregat mexanik uzatmalar qutisi yordamida boshqariladi. Biroq 356-modelga bu kabi motor o‘rnatilgani e’lon qilinmagan: u 60 yoki 75 ot kuchiga ega 1,6 litrli dvigatel bilan jihozlangan. Shuningdek, 1,3 (44 yoki 60 ot kuchi) va 1,5 (100 ot kuchi) litrli agregatli versiyalari mavjud.