Germaniya Harbiy havo kuchlari NATO bo‘yicha ittifoqdoshlari bilan birgalikda shu hafta maxfiy harbiy mashg‘ulotlarni boshladi, unda yadro qurolini tashiy oladigan texnika qatnashmoqda. Bu haqda Bild DPA agentligiga tayanib xabar bergan.

Foto: Reuters

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar “Barqaror kun” deb atalib, Nyorfenix aviabazasida (Shimoliy Reyn — Vestfaliya federal o‘lkasi) bo‘lib o‘tmoqda. Manyovrlarda, xususan, yadro qurolini tashiy oladigan qiruvchi-bombardimonchilar ishtirok etmoqda.

Bild harbiy ekspertlarga tayanib yozishicha, bu oktabrda o‘tkaziladigan muntazam mashqlardir. Unda harbiylar Amerika yadro qurolini yerosti omboridan olib, transportda xavfsiz tashish va uni qiruvchi samolyotlarga o‘rnatish texnikasini mashq qilmoqda. Ammo amaliy parvozlarda bunday qurol ishlatilmaydi.

Bild’ning qayd etishicha, favqulodda holatlarda AQShda ishlab chiqarilgan va “Byuxel” harbiy aviabazasida turgan B61 vodorod bombalari NATO bilan shartnoma bo‘yicha tashlanishi mumkin. AQShning qo‘shimcha yadro qurollari Italiya, Belgiya, Turkiya va Niderlandiyada joylashgan, deb yozadi gazeta. Mashg‘ulotlarda ayni paytda Niderlandiya, Belgiya va Italiya qiruvchilari qo‘llanilmoqda.

2019-yil avgustida AQSh o‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomadan rasman chiqqan edi. Bitim yer ustiga tayanadigan o‘rta (1000 dan 5500 kilometrgacha) va qisqa (500 dan 1000 kilometrgacha) masofali ballistik va qanotli raketalarni ishlab chiqarish, qo‘llash va saqlashni taqiqlaydi hamda oddiy va yadro o‘qli raketalar uchun amal qiladi.