AQSh prezidenti Donald Trampni qattiq hurmat qilib, unga sig‘ingan Hindiston fuqarosi Bussa Krishna uning koronavirusga chalingani haqidagi xabarga bardosh bera olmasdan, yurak xurujidan vafot etdi, deb yozadi “RIA Novosti”. Bu haqda Indian Express gazetasi uning oila a’zolariga tayanib xabar qilgan.

Foto: AP Photo

Tramp koronavirusga chalinganidan keyin Krishna Facebook’ka AQSh prezidenti va birinchi xonimiga tezroq sog‘ayib ketishni tilab, ta’sirli videolarni ko‘p marta joylagan. Oila a’zolari aytishicha, u 11-oktabr, yakshanba kuni ertalab uyg‘onib, o‘zini odatdagidek tutgan, so‘ng esa yerga yiqilgan.

“Tramp koronavirus bilan kasallanganini eshitganidan keyin u tushkunlikka tushib qoldi. Ovqat kam yerdi. Uni kasalxonaga olib borganimizda, shifokorlar uning o‘lganini aytdi. O‘lim sababi — yurak xuruji”, — dedi marhumning qarindoshi.

Bussa Krishnada Donald Trampga nisbatan bunday hissiyotlari to‘rt yil avval, Amerika prezidenti uning tushiga kirganidan keyin, paydo bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniyada 2-oktabr kuni koronavirusga topshirgan test javobi ijobiy chiqqan. So‘ng u Uolter Rid nomidagi milliy harbiy tibbiyot markazida davolangan.

Avvalroq shifokorlar Trampning boshqalarga koronavirus infeksiyasini yuqtirish xavfi yo‘qligini e’lon qilgandi. Trampning holati AQSh kasalliklar nazorati markazining amaldagi standartlariga muvofiq uni karantindan chiqarishga imkon beradi. AQSh prezidenti 10-oktabrdan saylovoldi kampaniyasiga qayta kirishgan.