AQSh Prezidentlik debati komissiyasi davlat rahbarligiga nomzodlar – Donald Tramp va Jo Baydenning 15-oktabrga belgilangan uchrashuvini bekor qildi. Bu haqda The Washington Post’ga tayanib, “Korrespondent” xabar qildi.
Qayd etilishicha, komissiyaning bunday qarorga kelishiga tomonlarning bo‘lib o‘tadigan debat formati borasida kelisha olmagani sabab bo‘lgan.
Debat komissiyasi 15-oktabr kuni Mayamida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan ikkinchi prezidentlik debati onlayn formatda o‘tkazilishini e’lon qildi.
Jo Baydenning jamoasi debatda uning formati qanday bo‘lishidan qat’i nazar ishtirok etishga tayyorligini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Tramp onlayn debatda ishtirok etish uchun vaqtini sarflamoqchi emasligini, buning o‘rniga o‘z kampaniyasi doirasida boshqa tadbirlarga e’tibor qaratishini aytdi.
Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar kelishmovchilikdan so‘ng ikkala tomon ham aytib o‘tilgan sanaga boshqa rejalarini e’lon qildi.
“Tomonlar endi belgilangan sanaga boshqa rejalari borligini e’lon qildi. 15-oktabrda hech qanday debat bo‘lmaydi va komissiya 22-oktabrga belgilangan so‘nggi prezidentlik debatiga tayyorgarlik ko‘rishga e’tibor qaratadi”, – deyiladi debat komissiyasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Donald Trampda 1-oktabr kuni koronavirus aniqlandi. AQSh prezidenti bir necha kun kasalxonada davolandi va u yerdan 5-oktabr kuni chiqdi. U og‘ir ahvoldagi bemor sifatida davolangani haqida xabar berildi, biroq Trampning o‘zi ham, uni davolayotgan shifokorlar ham prezident o‘zini yaxshi his qilayotganini bildirgan.
Birinchi debat 29-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ko‘plab tahlilchilar debatni “tarixdagi eng yomoni” deya tavsifladi — nomzodlar o‘z dasturlariga deyarli hech qanday e’tibor qaratmadi, buning o‘rniga ular doimiy ravishda bir-birini haqorat qildi va gapini bo‘lib qo‘ydi.