AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirus infeksiyasidan deksametazon steroid preparatini qo‘llagan holda davolanmoqda. Bu haqda Associated Press shifokorlarga tayanib xabar qilgan, deb yozadi Meduza.

Foto: Getty Images

Shifokorlar steroidni 3-oktabr kuni remdesivir preparatining ikkinchi dozasi bilan birga qo‘llashni boshlagan, Trampda ikkilamchi ta’sirlar aniqlanmagan.

Amerika prezidentini davolovchi shifokor Shon Konlining ma’lum qilishicha, Trampning organizmida kislorod darajasi 93 foizgacha tushib ketganidan so‘ng deksametazon qo‘llanilgan.

CNBC telekanali qayd etishicha, deksametazon koronavirusga chalingan og‘ir bemorlarni davolashda o‘z samaradorligini ko‘rsatgan, ammo og‘irlik darajasi kamroq bo‘lgan holatlarda zararli bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniyada 2-oktabr kuni koronavirusga topshirgan test javobi ijobiy chiqqan. Hozirda u Uolter Rid nomidagi milliy harbiy tibbiyot markazida davolanmoqda.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z tarafdorlari bilan uchrashish uchun biroz vaqtga shifoxonani tark etgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga topshirgan birinchi testining javobi ijobiy chiqqanini yashirgani ma’lum bo‘ldi.