Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-oktabrdagi 635-son qarori bilan tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Jumladan, M1 (yengil avtomobillar), N1 va N2 toifaga oid avtotransport vositalari orqa yon oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish uchun to‘lov stavkalari jismoniy shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1 115 000 so‘m) etib belgilandi. Bunga qadar ushbu miqdor BHMning 10 baravari (2 230 000 so‘m) edi.
Yuridik shaxslar uchun orqa yon oynani qoraytirish uchun to‘lov miqdori o‘zgarmagan — BHMning 10 baravari (2 230 000 so‘m).
Shuningdek, orqa va old yon oynalar tusini o‘zgartirishning to‘lov miqdori ham avvalgidek saqlanib qoldi, ya’ni jismoniy va yuridik shaxslar uchun BHMning 50 baravarini (11 150 000 so‘m) tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda 2020-yil 1-iyundan boshlab avtotransport vositalari oynalarini “tonirovka” qilish narxi tushishi kutilayotgani bo‘yicha xabarlar tarqalgandi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi mazkur xabarlarni rad etgandi.
Izoh (0)