Bugungi kunda Toshkent shahrining Farg‘ona yo‘li ko‘chasida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu qurilish ishlari hali yakuniga yetmay, yo‘lga maxsus chiziqlar chizib qo‘yilgani va svetoforlarning yo‘qligi haydovchilar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Kadr: Telegram / Toshkent shahar hokimligi

Toshkent shahar hokimligi tomonidan e’lon qilingan videolavhada ushbu chiziqlar vaqtincha ekani va svetoforlar qurilish yakunida joyiga qo‘yilishi ta’kidlangan. Qurilish montaj ishlari bo‘yicha direktor Ikrom Rizaqulov mazkur ta’mirlash ishi bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdi.

“Ushbu obyektning umumiy uzunligi 6,7 kilometr bo‘lib, bugungi kunga qadar korxonamiz tomonidan ‘Qo‘yliq ota’ majmuasidan ‘Islom ota’ masjidigacha bo‘lgan 4 kilometr uzunlikdagi yo‘lda, har ikki yo‘nalishga 4 tasmali umumiy 8 qatorlik yo‘lni ostki qatlam bilan asfaltlash ishlari to‘liq yakunlangan.

Bundan tashqari yana 5 santimetrlik qoplamaning ustki qatlami ya’ni mayda donachali zich asfalt-betondan qoplab yotqizish ishlari loyihamizda bor. Hozir ikki qatlamli asfalt yotqizilgan.

Bugungi kunda avtomobil transport vositalarini harakatini vaqtinchalik to‘xtatish imkoni bo‘lmagani sababli harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘zimizning korxonamiz tomonidan mana shu ostki qatlam, ya’ni yirik donali asfalt-beton ustiga yo‘l chiziqlari chizilgan.

Buning sababi harakat xavfsizligini ta’minlash va piyodalar kesib o‘tish joylarini belgilash maqsadida ushbu yotiq chiziqlari vaqtinchalik bo‘lib, avtomobil yo‘lining ustki qatlami yotqizilgandan keyin zamonaviy standartlarga mos ravishda termoplastik materiallardan foydalangan holatda uzoq muddatga chidamli bo‘lgan mahsulotlardan foydalanish rejalashtirilgan.

Korxonamiz tomonidan piyodalar o‘tish chiziqlari chizib qo‘yildi, lekin bu ham vaqtinchalik. Obyektdagi ishlar tugallangandan keyin mukammal loyiha asosida tasdiqlangan qo‘limizdagi loyiha asosida qaytadan yo‘l chiziqlari chiziladi”, – deydi Ikrom Rizaqulov.

Shuningdek, Rizaqulov svetoforlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Haydovchilar tomonidan bildirilayotgan katta e’tirozlardan biri chorrahalarni tartibga keltirilmaganligi, ya’ni svetofor qurilmalarini mavjud emasligi, ushbu svetofor qurilmalari bugungi kunda qurilishlar olib borilayotgani sababli yechib olingan. Loyihaga ko‘ra, svetoforlar o‘rnatiladi”, – deydi direktor.

Ma’lum qilinishicha, rejaga asosan 2020-yilning oxiriga qadar ta’mirlash ishlarini to‘la yakunlanadi.

Avvalroq Farg‘ona yo‘li ko‘chasiga o‘tish yo‘llari 10-oktabrga qadar yopilishi va shu sabab 8 ta avtobus yo‘nalishlari vaqtinchalik o‘zgartirilishi xabar qilingandi.