Koronavirusdan sog‘aygan AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatdagi tibbiyot muassasalarini COVID-19 kasalligidan davolaydigan bepul dorilar bilan ta’minlashga va’da berdi. Bu haqda u o‘zining Twitter’iga joylashtirgan videomurojaatida aytib o‘tdi, deb xabar beradi Meduza.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Regeneron preparati uning davolanishida muhim rol o‘ynagan. Dorini qabul qilishi bilanoq u o‘zini yaxshi his qilgan.

“Men hamma prezident kabi davolanishini xohlayman. Siz ham men qabul qilgan narsa (dori)ni qabul qilishingizni istayman va men uni bepul qilaman. Buning uchun pul to‘lamaysiz. Bu (pandemiya)ning sodir bo‘lishida siz aybdor emassiz, bu Xitoyning aybi. Xitoy bu mamlakatga hamda butun dunyoga qilgan ishi uchun katta tovon to‘laydi”, – dedi Tramp.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Trampni COVID-19’dan davolash narxi 100 ming dollardan oshishi mumkinligi hisoblab chiqilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp va uning rafiqasi Melaniyaning 2-oktabr kuni koronavirusga topshirgan testi ijobiy chiqqan. So‘ng u Uolter Rid nomidagi milliy harbiy tibbiyot markaziga yotqizilgan.

Donald Tramp o‘z tarafdorlari bilan uchrashish uchun biroz vaqtga shifoxonani tark etgani xabar berilgan edi. Shuningdek, u koronavirusga topshirgan birinchi testining javobi ijobiy chiqqanini yashirgani ma’lum bo‘lgandi. 6-oktabr kuni esa koronavirusga chalingan AQSh prezidenti Donald Trampga harbiy gospitaldan javob berilgani xabar qilindi.