Koronavirus bilan kasallanish holati ortganligi fonida Moskva tibbiyot universitet talabalari va bitiruvchilariga poytaxt kasalxonalarida ishlash taklif qilindi, deb xabar bermoqda “RBK”.

Foto: “Moskva” AA

Qayd etilishicha, talabalar bahorda ham COVID-19 bilan kurashga jalb qilingan.

Moskva Sog‘liqni saqlash boshqarmasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar — anesteziolog, reanimatolog, yuqumli kasallik mutaxassislari va ftiziatriya mutaxassislari bo‘yicha ishlashga taklif qilingan.

Xabarda aytilishicha, ayrim talabalarga Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan ishga taklif qilish yuzasidan qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan.

“Eshitishimcha to‘lov miqdori bahordagisidan kam bo‘ladi. Ishlayotgan hamshiralardan bo‘limda xodimlar yetarli emasligini, ikki sutkalab itday ishlashayotganini bilaman”, —  degan talabalardan biri.

Yana bir talaba qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganini tasdiqlagan, lekin aniq biror nima taklif etishmayotganini, umuman, zarur bo‘lib qolsa, tayyor bo‘lasizmi, deb so‘rashayotganini ta’kidlagan.

“RBK”ning yozishicha, hozircha Rossiyaning boshqa hududlarida tibbiyot talabalari markazlashgan holda jalb etilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada so‘nggi ikki haftadan buyon COVID-19 bilan kasallanishning kunlik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lmoqda. Mamlakatda ilk bor kunlik kasallanishlar soni 8 ming kishidan ortiq bo‘ldi. Bunda hududlar bo‘yicha eng ko‘p bemorlar qayd etilayotgan Moskvaning o‘zida sutka davomida 2217 ta holat aniqlangan bo‘lib, bu so‘nggi to‘rt oydagi qariyb rekord ko‘rsatkichdir.