Buxoro viloyatida qo‘lda yasalgan kuchli yorituvchi chiroq yordamida ov qilgan brakonyerlar qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari Jahongir Navro‘zov xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, 2020-yilning 21-sentabr kuni tungi soat 02:20 da Buxoro tumanidagi “Jayron pitomnigi” hududida 26 yoshli fuqaro R.B. hamda 65 yoshli J.S.lar qo‘lbola yoritish chirog‘i yordamida yashirin ravishda ov qilgan. Ular ov qilish taqiqlangan hamda davlat tomonidan muhofaza qilinadigan hududdan 5 dona quyon ovlab, shaxsiy avtomashinasida harakatlanib ketayotganda tungi reydga chiqqan boshqarma inspektorlari tomonidan to‘xtatilgan.

Ekologik nazorat inspeksiyasi inspektorlarining tezkor sa’y-harakatlari natijasida brakonyerlarning avtomashinasidan 2 dona ov quroli, 1 dona qo‘lda yasalgan kuchli yoritish chirog‘i hamda 5 dona quyon borligi aniqlangan. Barchasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib, olib qo‘yilgan.

Foto: “Daryo”

Ayni paytda aniqlangan holat yuzasidan taqiqlangan hududda ov qilgan brakonyerlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 4-qismiga (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) muvofiq bayonnoma rasmiylashtirilgan.