O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon va Armaniston munosabatlaridagi keskinlikning oshishi O‘zbekistonda jiddiy tashvish uyg‘otayotganligini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“O‘zaro qarama-qarshilik chog‘ida harbiy kuchning ishlatilishi ikki tomondan ham ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qilayotgan davlat sifatida MDH hududida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, bahsli masalalarni xalqaro huquq normalariga qat’iy mos ravishda tinch yo‘l bilan hal qilinishining muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ozarbayjon va Armanistonning harbiy harakatlarni tezda to‘xtatishga hamda mojaroni suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilgan holda tinch yo‘l bilan bartaraf etish maqsadida diplomatik muzokaralarni boshlashga chaqiramiz”, – deyiladi O‘zbekiston TIV bayonotida.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ nizosi 27-sentabrda yuz bergan. Ikkala tomon ham harbiy harakatlarni boshlab yuborgan va bir-birini provokatsiyada, chegaralarni buzib, hujum uyushtirganlikda ayblamoqda.

Vaziyat chigallashayotgan pallada Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefonda muzokaralar olib borgan va unda Anqara zarurat tug‘ilganda Bokuga yordam berishga tayyorligini ma’lum qilgan. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa Jahon hamjamiyatini Turkiyaning Qorabog‘ ishiga aralashishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.

O‘nlab kishilar halok bo‘lgan Armaniston va Ozarbayjon chegarasida avvalgi qurolli to‘qnashuvlar iyul oyi o‘rtalarida yuz bergan. Shundan so‘ng armanlar va ozarbayjonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar ikki mamlakatdan tashqarida, xususan, Moskvada sodir bo‘la boshladi.

So‘nggi 30 yildan buyon Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar Tog‘li Qorabog‘ hududi sabab yomonlashgan. Mintaqa Ozarbayjon hududida joylashgan bo‘lsa-da, 1991-yilda uning tarkibidan chiqqan. Tan olinmagan ushbu respublika hududida, asosan, armanlar istiqomat qilib keladi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegarada muntazam qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi.