“Barselona” hujumchisi Luis Suares tez orada Madridning “Atletiko” klubi a’zosiga aylanadi, deb xabar bermoqda Marca.

Foto: Twitter

Ta’kidlanishicha, Suaresning “Atletiko”ga o‘tishida hal qiluvchi rolni madridliklar ustozi Diyego Simeone o‘ynagan. Argentinalik murabbiyi Suaresni jamoada asosiy futbolchilardan bo‘la olishiga ishontirgan. Shuningdek, Luis “matraschilar” o‘yin uslubiga mos tushishini qayd etgan. Shu boisdan Luis “Atletiko”ga o‘tishni ma’qul ko‘rgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” va Suares shartnomani bekor qilish borasida o‘zaro kelishuvga erishgani haqida xabar qilingandi.

Ma’lumot uchun, Suares “Barselona”da 2014-yildan buyon to‘p surib keladi. Katalon klubi uni “Liverpul”dan sotib olgandi. 2019/20-yilgi mavsumda hujumchi klub miqyosida 36 o‘yin o‘tkazib, 21 gol va 10 ta golli uzatma muallifiga aylandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!