O‘zbekiston xalq artisti Bobomurod Hamdamov va uning rafiqasi qiyin vaziyatda qoldi. 81 yoshli xonandaning yakka-yu yagona qizi uning uyini o‘z nomiga o‘tkazib olgan, shuningdek, mashinasi hujjatlarini ham olib qo‘ygan.

San’atkorning oilaviy muammolari haqida uning rafiqasi so‘zlab berdi.

“Besh o‘g‘il va bir qiz farzandimiz bor. Shu bir qizimiz bizga ozor beryapti. Oyog‘im sinib, kasalxonada yotganimdan foydalanib, yashab o‘tirgan uyimizni o‘z nomiga o‘tkazib olibdi. Avvalroq mening oldimga kelib, hujjatlarga imzo qo‘yishimni talab qildi. Men esa ular qanday hujjatlar ekanligini so‘radim. U ‘Uyning hujjatlari noto‘g‘ri, to‘g‘irlataman’, dedi. ‘Unday bo‘lsa, mayli’ deb qo‘l qo‘yib bergandim. Uning niyati uyni o‘zining nomiga rasmiylashtirish ekan”, — deydi Bobomurod Hamdamovning rafiqasi.

“Qizimga uy olib berganman, ta’mirlatib, ichiga uy anjomlarini ham olib berganmiz. Unga yana nima kerak, bilmadim, biz hozir bu uyda propiskadamizmi, yo‘qmi, buni ham bilmaymiz. Uyning hujjatlari, Captiva mashinamizning hujjatlari ham uning qo‘lida. Ertaga bir kun kelib, uyni bo‘shatinglar, desa uysiz qoladigan sharoitdamiz. Shu paytgacha, qizimga hamma tomondan yordam berganman. Bolalarining bog‘cha pulini, o‘qishga kirganida kontrakt pulini o‘zim to‘lab berganman. Endi qarigan chog‘imizda bizga bunday munosabat. Buni qaytar dunyo, deydilar, ertaga o‘ziga ham bolalaridan qaytadi.

Bu qizni otasi birinchi tibbiyot institutiga kirgizgan. O‘likxonalarga olib borganida yuragi chidamay, Nizomiyning biologiya fakultetiga o‘qishini ko‘chirdik. Ashxoboddan Toshkentga. Turmush o‘rtog‘imning vaqti bo‘lmasdi bolalar bilan shug‘ullanishga, ularga men qaraganman asosan. Bu ishlar oson bo‘lmagan. Yomon tarbiya bermagan edim, qayerda adashganimni tushuna olmayapman. Turmushga chiqqanicha yaxshi edi, bunday emasdi, turmushga chiqdi-yu, keyin biz bilan muomala nimagadir o‘zgardi”, — deya so‘zlarini davom ettiradi xonandaning rafiqasi.