O‘tgan bir sutka ichida butun dunyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 307,9 ming kishiga oshdi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti saytida e’lon qilingan ma’lumotlarda keltirilgan.

Foto: Reuters

Bu COVID-19 bilan kasallanish holatlarining o‘sishida kuzatilgan rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan oldingi maksimum 6-sentabr kuni qayd etilgandi: o‘shanda bir kunda 304,6 ming kishida koronavirus aniqlangan.

Bir sutka ichida kasallar soni eng ko‘p Hindistonda qayd etilgan — 94,3 ming. Uning ortidan AQSh (45,5 ming) va Braziliya (43,7 ming) o‘rin olgan. Ispaniyada bir kunda yana 12,1 ming kishida, Argentinada esa 11,5 ming COVID-19 aniqlangan.

JSST ma’lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon kasallikka chalinganlar soni 28,6 million kishiga yetgan. Jons Hopkins universiteti ma’lumotlarida esa ushbu ko‘rsatkich 28,8 million kishini tashkil etmoqda. Kasallarning chorak qismi AQSh hisobiga to‘g‘ri kelyapti — 6,5 million. Uning ortidan Hindiston (4,7 million) va Braziliya (4,3 million) o‘rin olgan.