Avstriya kansleri Sebastyan Kurts mamlakatda koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini boshlanganini ma’lum qildi. Bu haqda Avstriya matbuot agentligi xabar berdi.
“Hozirda boshimizdan o‘tkazayotganimiz — ikkinchi to‘lqinning boshlanishi. Kasallar soni har kuni ortmoqda”, — deydi Kurts mamlakat aholisiga yo‘llagan murojaatida.
Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Avstriyada ikki hafta oldin kuniga 350 nafarga yaqin kasallikka chalinish holati qayd etilgan bo‘lsa, hozirda ushbu ko‘rsatkich 850 ga yetgan. “Tez orada kuniga aniqlanayotgan yangi kasallar soni mingdan oshadi”, — deydi u.
Kurtsning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda og‘ir epidemiologik holat, ayniqsa, Venada — kasallarning qariyb yarmi to‘g‘ri kelayotgan mamlakat poytaxtida kuzatilmoqda. Kurtsning ta’kidlashicha, kuz va qish barcha uchun birdek og‘ir keladi.
Kansler aholini sanitar xavfsizlik choralariga rioya qilishga chaqirgan: ijtimoiy aloqalarni cheklash, himoya vositalarini taqish, ijtimoiy masofalanishga rioya qilish.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Avstriyada 13-sentabr holatida ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 33 ming kishidan oshgan. Hozirga qadar ularning 26,7 ming nafari sog‘aygan, 765 kishi COVID-19 qurboniga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, Avstriyada COVID-19 bilan kasallanish bo‘yicha ilk holat 25-fevral kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha vaqtdayoq kansler Sebastyan Kurts hukumat virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishini bildirgandi. May boshlariga kelib mamlakatda izolyatsiya rejimi bekor qilingan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)