Xitoyda COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi burun uchun sprey ko‘rinishida ishlab chiqilgan vaksinaning klinik sinovlarini o‘tkazishga ruxsat berildi. Bu haqda Gonkong universiteti bayonotiga tayanib, Sinxua agentligi xabar bergan.

Foto: Sinxua

Qayd etilishicha, vaksina Gonkong universiteti laboratoriyasi, Syamen universiteti va Beijing Wantai Biological Pharmacy kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan.

Agentlik axborotiga ko‘ra, bu COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi burun uchun sprey ko‘rinishidagi birinchi vaksina. Dorining odamlar ishtirokida sinovdan o‘tkazilishiga Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari nazorati bo‘yicha davlat boshqarmasi ruxsat bergan.

Avval China National Biotech Group kompaniyasi Xitoyda ishlab chiqilgan COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi 6 ta vaksina klinik sinovlar bosqichida ekanini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, 7-sentabrda Sinovac Biotech va Sinopharm kompaniyalari tomonidan yaratilgan vaksinalarning namunalari Pekindagi ko‘rgazmada namoyish etilgan.

Xitoyning Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical kompaniyasi O‘zbekistonga koronavirus vaksinasi sinovlarida qatnashishni taklif etgan. O‘zbekistonda Rossiya yoki Xitoy vaksinasini xarid qilish masalasi muhokama qilinayotgani haqida xabar berilgan.