O‘zbekistonda koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasini xarid qilish masalasi o‘rganilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Sanitar-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev “Kommersant”ga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Yusupaliyev “Kommersant” muxbirining 5-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda bir qator cheklovlar bekor qilinayotgani, masjidlar jamoaviy namozlar uchun ochilgani, restoranlar faoliyatini qayta boshlaganini qayd etib, Rossiya bilan aviaqatnovlar qachon tiklanishi xususida bergan savoliga javob qaytargan.

“Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra epidemiologlar fikrini inobatga olib aviaqatnovlarni qayta tiklash va fuqarolarning mamlakatga kirishi yoki undan chiqishi yuzasidan tartibni ishlab chiqilmoqda.

Mamlakat hududiga kirish-chiqish masalalariga kelsak, dastlab qat’iy karantin cheklovlari o‘rnatilib, xorij davlatlarining fuqarolari karantin hududlariga yuborildi. Ayni vaqtda mazkur choralar yumshatilgan, karantinni mehmonxona yoki uyda o‘tkazish mumkin. Biz xorijdan kelganlarni 14 kun davomida kuzatamiz va kasallik alomatlari kuzatilmasa, ular respublika hududida erkin harakatlanishi mumkin.

Shuningdek, ishlab chiqilgan tartib asosida xorijda PZR-tekshiruvi asosida kam kasallanish holatlari kuzatilayotganini aniqlab, ma’lumotlar haqqoniyligini tekshiramiz. Shunga ko‘ra tahlillar asosida aviaqatnovlarni qayta boshlash bo‘yicha qaror chiqariladi. Bu tobora tezlashayotgan jarayon va, menimcha, buyog‘iga chegaralar ochilishda davom etadi.

Sentabrda Rossiya bilan aviaqatnovlar qayta tiklanishi mumkin. Lekin 15-martdan qat’iy karantin tartibini saqlab, keyin cheklovlarni yumshatib, yangi kasallanish to‘lqiniga duchor bo‘lganimizni to‘g‘ri tushunish kerak, yakunda karantin 15-avgustgacha cho‘zildi va 5-sentabrdan cheklovlar yana yumshatildi. Barcha mamlakatlardagi kabi maktablarni, maktabgacha ta’lim muassasalarini ochyapmiz. Respublikadagi vaziyatga baho berish uchun vaqt talab qilinadi. Kasallanishlar soni kamaysa, aviaqatnovlar qayta tiklanishi mumkin”, — degan Bahodir Yusupaliyev.

SSV rasmiysi O‘zbekistonning Rossiya yoki Xitoyda yaratilgan koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinani qo‘llashga tayyorgarlik ko‘rayotgani yuzasidan ham izoh berdi.

“Koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali kurash olib borish uchun jamoaviy immunitet shakllantirish yoki aholini vaksinatsiya qilish lozim. Shu sababli, Sog‘liqni saqlash vazirligi va hukumat tomonidan odamlarni emlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish muhokama qilinmoqda.

Bir qator davlatlar, xususan, Xitoy vaksinaning klinik sinovlari uchinchi bosqichida ishtirok etish bo‘yicha taklif bilan chiqdi. Ayni vaqtda vaksinaning uchinchi klinik sinovlar bosqichida ishtirok etish yoki tayyor holda uni xarid qilish masalalari o‘rganilmoqda.

Rossiya vaksinasining xususiyatlarini ham o‘rganyapmiz. Rossiya ham vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazgani va uchinchi klinik sinovlar boshlanganidan xabardormiz.

Aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi o‘z vaqtida emlashda xavfsiz va samarali vaksinani, zarur preparatlarni xarid qilishga tayyormiz.

Rossiya vaksinasi borasida bir qarorga kelish yuzasidan hukumat hamda ikki davlat mutaxassislari o‘rtasidagi muhokamalar davom etmoqda. Ikki haftadan keyin bu borada bir qaror chiqarilsa kerak. Hukumat vaksinani xarid qilish uchun mablag‘ ajratish masalasini ham o‘rganmoqda”, — degan O‘zbekiston hukumati vakili.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Gamaleya instituti tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi ikki komponentli vaksina 11-avgust kuni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasini olgan. Vaksina to‘liq samaradorlik tadqiqotini o‘tkazish sharti bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va guvohnoma 2021-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.

Vaksinani yaratish va tadqiq qilish ishlarini moliyalashtiruvchi Rossiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev Rossiyada koronavirusga qarshi ommaviy emlash 2020-yil oktabr oyidan boshlanishini aytgan. Keyinchalik Rossiyada xavf guruhiga kiruvchi kishilarni koronavirusga qarshi ommaviy emlash 2020-yilning noyabr—dekabr oylarida boshlanishi haqida xabar berildi.