Qo‘qon va Toshkentda OTMlarga qabul bilan bog‘liq navbatdagi firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘qon davlat pedagogika instituti yoshlar yetakchisi B.X. va fakultet dekani V.X. daromad orttirish maqsadida oldindan til biriktirib, fuqaro Z.S.ning ishonchiga kirib uning tanishini mazkur institutga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Evaziga 3 000 dollar so‘ragan va bu pullarni olayotgan vaqtida departament hamda DXXning Qo‘qon shahar bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlangan.
Shuningdek, departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi va Toshkent shahar IIBB xodimlari hamkorligidagi tezkor tadbirda J.P. fuqaro B.X.ning ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini yuqori lavozimdagi tanishlari orqali O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 8 000 dollari talab qilib, shundan, 3 000 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (firibrgarlik) va 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Beshariqda Qo‘qon davlat pedagogika institutiga 5000 dollarga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani xabar berilgan edi.
Mavzuga doir:
- Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga 1300 dollar evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan sirtqi bo‘lim xodimi ushlandi
- Kattaqo‘rg‘onda fuqaroni Milliy gvardiya institutiga kiritib qo‘yish evaziga 8000 dollar so‘ragan shaxs qo‘lga tushdi
- Andijon va Xorazmda fuqarolarni 4000 dollarga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi
- Andijonda o‘qishga kirtib qo‘yishni va’da qilgan kafedra dotsenti 2 ming dollar olayotganda ushlandi