Futbol bo‘yicha UEFA Millatlar Ligasining 2-turidan o‘rin olgan so‘nggi bahslar 8-sentabr, seshanba kuni bo‘lib o‘tdi.
Portugaliya terma jamoasi Shvetsiya maydonida mehmon bo‘ldi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida shvedlar bir o‘yinchi kam bo‘lib qoldi: Gustav Svensson ikkinchi sariq kartochkasini olib maydonni tark etdi. 45-daqiqada Krishtianu Ronaldu jarima zarbasini qoyilmaqom ijro etgan holda mehmonlarni oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda ham portugallar vaziyatni nazorat qildi. 72-daqiqada Ronaldu yana bir chiroyliga golga muallif bo‘ldi. Qolgan vaqtda hisob o‘zgarmadi.
Guruhning ikkinchi uchrashuvida Fransiya terma jamoasi Xorvatiya bilan o‘ynadi. Dastlab xorvatlar Deyan Lovrenning golidan keyin oldinga o‘tib oldi. Bunga maydon egalari 43-daqiqada Antuan Grizmanning goli bilan javob qaytardi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida Antoni Marsyalning zarbasidan keyin to‘p Xorvatiya posboniga teggan holda darvozadan joy oldi.
Ikkinchi bo‘lim debyutida Yosip Brekalo hisobni tenglashtirdi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Dayot Upamekano Fransiyaning uchinchi golini urgan bo‘lsa, 77-daqiqada Olivye Jiru penaltini aniq ijro etgan holda yakuniy hisobni o‘rnatdi — 4:2.
Shu tariqa A Liga 3-guruhida Portugaliya va Fransiya terma jamoalari 6 ochko bilan qo‘shhokimlik qilmoqda. Xorvatiya va Shvetsiya hali ochko to‘play olmadi.
Millatlar Ligasi
2-tur bahslari
8-sentabr, seshanba
Fransiya — Xorvatiya 4:2
Gollar: 0:1 – 16 Lovren, 1:1 – 43 Grizmann, 2:1 – 45, avtogol Livakovich, 2:2 – 55 Brekalo, 3:2 – 65 Upamekano, 4:2 – 77, penalti Jiru.Fransiya: Lyoris, Lyuka Ernandes, Langle, Upamekano, Mendi, Sissoko, Kante (Kamavinga, 63), Nzonzi, Grizmann (Fekir, 78), Ben-Yedder (Jiru, 63), Marsyal.
Xorvatiya: Livakovich, Lovren, Chaleta-Sar, Melnyak, Uremovich (Vida, 57), Brozovich, Kovachich, Vlashich, Perishich (Pashalich, 66), Kramarich, Rebich (Brekalo, 46).
Ogohlantirishlar: Chaleta-Sar (34), Langle (38), Kante (59), Nzonzi (68), Lovren (76), Brozovich (76).
Shvetsiya — Portugaliya 0:2
Gollar: 0:1 – 45 Ronaldu, 0:2 – 72 Ronaldu.Shvetsiya: Olsen, Xelander, Yansson, Augustinsson, Kraft, Svensson, Forsberg (Svanberg, 79), Olsson, Kulusevski (Ekdal, 90), Isak (Kvayson, 71), Berg.
Portugaliya: Antoni Lopesh, Pepe, Ruben Diash, Joau Kanselu, Gerreyru, Brunu Fernandesh, Moutinyu (Ruben Nevesh, 73), Bernardu Silva (Gedesh, 22), Danilu Pereyra, Joau Feliks, Ronaldu (Diogu Jota, 81).
Ogohlantirishlar: Svensson (14), Gerreyru (56), Joau Feliks (86).
Chetlatish: Svensson (44).
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!