O‘zbekistonlik yarim himoyachi Jasur Jaloliddinov “Lokomotiv” safida norasmiy debyutini o‘tkazdi. Rossiya U-19 terma jamoasiga qarshi kechgan nazorat bahsi (1:3) Jasur uchun moskvaliklar jamoasidagi ilk o‘yin bo‘ldi.
Mazkur o‘yindan keyin “temiryo‘lchilar” matbuot xizmati Jaloliddinovdan intervyu oldi.
— “Lokomotiv”dagi birinchi o‘yiningga qanday baho berasan?
— Qiyin bo‘ldi. Jamoaga butkul moslashib ketdim, ammo hali formamni tiklashim kerak. O‘zbekiston chempionatida tanaffus yuzaga kelgandi, ko‘p vaqtda o‘ynay olmadim.
— Bu o‘yindagi harakatlaringdan ko‘ngling to‘ldimi?
— Yo‘q, hali yuz foiz tayyor emasman. Jismoniy tomondan to‘liq tayyor bo‘lmasang, o‘zingni ko‘rsatish qiyin kechadi.
— Mazkur o‘yinda hujumning barcha chizig‘ida harakat qilding. Qay biri qulayroq?
— Farqi yo‘q — chap, o‘ng yoki hujum orti.
— Murabbiy qanday ko‘rsatma berdi?
— Qanotlarda yordam berish va ikkinchi hujumchi sifatida harakat qilishimni aytdi. Ederga yaqinroq o‘ynadim.
— Jamoaning o‘yiniga qanday baho berasan?
— Xulosalar chiqarish kerak. Istalgan mag‘lubiyat yaxshi emas, sababi barcha bahslar muhim. Yomon o‘ynamadik, ammo o‘yin unutiladi, natija esa qoladi.
— Jamoaga moslashib ketganingni aytding. Bunda kimlar yordam berdi?
— Barcha yigitlar — Gilyerme, Chorluka. Mashg‘ulotdan keyin Aleksey Miranchuk bilan qolib, jarima zarbalari ustida ishlardik. U bilan bir oylik mashg‘ulot ichida ko‘p narsani o‘rgandim. Afsuski, u ketib qoldi.
— Miranchuk “Atalanta”ga ketgach, uni kumirim deb atading.
— Ha, u mening kumirim. Bolalikdan uning o‘yinini kuzatib kelaman va u kabi futbolchi bo‘lishni istaganman. Unda bor qaysi jihatlar o‘zimda yo‘qligini bilaman. Miranchukka o‘xshashga harakat qilaman, ammo uning o‘rnini bilintirmaslikning iloji yo‘q.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)