AOKA huzuridagi shtabda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Barno Abdusamatova ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksinaning O‘zbekistonga olib kelinishi haqida savolga javob berildi.

Foto: Reuters

“Rossiya davlati bilan vaksinani olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilyaptimi? O‘zbekistonda ham vaksinani ishlab chiqish mumkinmi?”, — deya berilgan savolga Barno Abdusamatova quyidagicha javob berdi:

“Hozirgi kunda Prezident topshirig‘iga binoan, vaksinani xarid qilish va mamlakatimiz aholisini emlashni amalga oshirish yo‘llarini o‘rganib chiqish maqsadida yetakchi olimlar va tajribali shifokorlardan iborat ishchi guruhi tuzilgan.

COVID-19 vaksinasi klinik sinovlarining barcha bosqichi yakunlanmagunicha mamlakat uni sotib ololmaydi.

Vaksina sinovlarining barcha bosqichlari o‘tganidan keyingina xalqaro sertifikatlashtirish amalga oshiriladi. U qaysi davlat yoki laboratoriya bo‘ladi, bu hozircha noma’lum.

Koronavirusga qarshi ishlab chiqarilgan vaksinalarni har tomonlama o‘rganib, O‘zbekistonda ishlatish bo‘yicha ishchi guruh xulosa bersa, vaksinani olib kelish, ishlatish tartiblari va muddatlari belgilanadi”.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosining ta’kidlashicha, vaksinani ishlab chiqarish, uni klinik sinovlardan o‘tkazish uchun vaqt talab qilinadi. Uni O‘zbekistonda ishlab chiqargandan ko‘ra, tayyor vaksinani ishlatgan ma’qul.

Avvalroq Qozog‘iston ham klinik sinovlarning barcha bosqichlari yakunlanmagunicha COVID-19 vaksinasini sotib olmoqchi emasligini bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada 11-avgust kuni koronavirusga qarshi vaksina ro‘yxatga olinganini Vladimir Putin e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksina “barqaror immunitetni shakllantiradi va u barcha kerakli sinovlardan o‘tgan”. Vaksina kamida 10 AQSh dollaridan sotilishi mumkinligi haqida ma’lum qilingan.

Lekin Rossiyaning “Fontanka” nashri yuqoridagi vaksina Putin aytganichalik umidli emasligini xabar qildi. Nashrning yozishicha, tadqiqot davomida vaksina sinab ko‘rilgan 38 nafar ko‘ngillida 144 ta nojo‘ya ta’sir kuzatilgan. JSST esa Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksina sinovlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirmoqchiligini bildirgan.