Qozog‘iston klinik sinovlarning barcha bosqichlari yakunlanmaguncha COVID-19 vaksinalarini sotib olmaydi. Tengrinews’ning xabar berishicha, bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy vakili Bagdat Kojahmetov ma’lum qildi.

Foto: iStock

“Koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinalar barcha tegishli xalqaro sertifikatlardan o‘tganidan keyingina sotib olinadi. Mutaxassislarimizning aytishicha, eng yaxshi laboratoriya natijalari uchinchi bosqichda bo‘ladi. Yana to‘rtinchi bosqich ham bor, ammo ungacha hali hech kim yetib bormagan. Faqat shundan keyingina xalqaro sertifikatlash jarayoni bo‘lib o‘tadi, u qaysi mamlakatda bo‘ladi va qaysi laboratoriya sinovidan o‘tishi noma’lum. Hamma kutmoqda”,  — degan u.

11-avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu vaksina ro‘yxatga olinganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, vaksina xavfsiz va hatto qizlaridan biri ushbu vaksina bilan emlangan.

Shu bilan birga g‘arb davlatlari ekspertlari Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinani odamlarda keng ko‘lamli sinovlardan o‘tkazmasdan oldin ro‘yxatdan o‘tkazish qarorini tanqid qildi. London universitet kolleji qoshidagi Genetika instituti mutaxassisi Fransua Balluning fikricha, shoshilinch ro‘yxatga olish “o‘ylamay qilingan va ahmoqona qaror”.

Shunga qaramay, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgani bilan Putinni tabrikladi (telegramma yubordi). Prezident avgust oyining ikkinchi yarmida hukumat delegatsiyasi Rossiya vaksinalarini sotib olishni muhokama qilish uchun Moskvaga borishini ta’kidlagan.