Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasi eksport qilinganda ikki dozasi kamida 10 dollardan sotiladi, deb xabar bermoqda “TASS”. Bu haqda “P-Farm” kompaniyasi direktorlar kengashi rahbari Aleksey Repik ma’lum qilgan.

Foto: Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

“Dastlabki dozalari katta ehtimol bilan ancha qimmatroq bo‘ladi”, — degan u 12-avgust kuni “Rossiya 24” telekanali efirida.

Repikning ta’kidlashicha, vaksinani katta hajmda ishlab chiqarish boshlanganda narxi arzonlashadi.

Eslatib o‘tamiz, Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazida ishlab chiqilgan vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi. U vaksina samarali ekanligi, shuningdek, qizlaridan biri ushbu vaksina bilan emlanganini aytgan, biroq aynan qaysi qizi ekanligiga to‘xtalib o‘tmagan.

Vaksina u yaratilgan markaz, shuningdek, Zelenograddagi “Binnofarm” kompaniyasi tomonidan, keyinchalik esa boshqa korxonalarda ham ishlab chiqariladi.

Farmatsevtika kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini birlashtirgan Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasi Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligini ushbu vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirishga chaqirgandi. Assotsiatsiya vaksina yaratuvchilari uning sinovlarini hatto yuzlab odamlar ishtirokida ham yakunlamagani, bundan tashqari vaksina asosida sinovlari hali ham davom etayotgan MERS’ga qarshi boshqa vaksina borligini bildirgan va shu sababli uning samaradorligi to‘g‘risida xulosa berishga hali asos yo‘q deb topgan.

Roszdravnadzor rahbari o‘rinbosari Valentina Kosenko ushbu vaksina bilan bir necha yuzlab ko‘ngillilar emlangani va ularda vaksinaga nisbatan jiddiy nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmaganini ta’kidlab, “Aftidan, Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasi hech qanday natijalarni bilmay xulosa qilmoqda”, — deb aytgan.

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining shtatdan tashqari bosh epidemiologi Nikolay Briko esa Gamaleya markazining vaksinasi “yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmagani”, markaz Ebola va MERS’ga qarshi vaksinalar ishlab chiqib, ushbu sohada 10 yildan ortiq vaqt davomida ish olib borayotganini bildirgan.

Shu bilan birga, g‘arb davlatlari ekspertlari Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinani odamlarda keng ko‘lamli sinovlardan o‘tkazmasdan oldin ro‘yxatdan o‘tkazish qarorini tanqid qildi. London universitet kolleji qoshidagi Genetika instituti mutaxassisi Fransua Balluning fikricha, shoshilinch ro‘yxatga olish “o‘ylamay qilingan va ahmoqona qaror”.

Qozog‘iston ham klinik sinovlarning barcha bosqichlari yakunlanmaguncha COVID-19 vaksinasini sotib olmoqchi emasligini bildirgan.