Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining shtatdan tashqari bosh epidemiologi Nikolay Briko Gamaley nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazida ishlab chiqilgan vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirishga chaqirgan Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasiga javob qaytardi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: “TASS”

Assotsiatsiya ushbu vaksina minglab odamlar ishtirokida sinovdan o‘tkazilmagani uchun uni ro‘yxatdan o‘tkazishga shoshilmaslikka chaqirgandi. Nikolay Brikoning bildirishicha, Gamaley markazining vaksinasi “yo‘q joydan paydo bo‘lib qolmadi”. Markaz Ebola va MERS’ga qarshi vaksinalar ishlab chiqib, ushbu sohada 10 yildan ortiq vaqt davomida ish olib bormoqda.

“COVID-19’ga qarshi vaksinani yaratishda adenovirus asosida bir xil texnologiya ishlatilgan, shuning uchun bu holda u qayta ko‘rib chiqishga, kechiktirishga muhtoj emas, chunki texnologiyadan foydalanib ko‘rilgan”, — degan epidemiolog.

Brikoning fikricha, koronavirus pandemiyasi paytida vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini tezlashtirish mumkin. “U (vaksina) o‘zining xavfsizligini ko‘rsatdi, keyingi samaradorligi o‘rganish davom ettiriladi”, — degan Briko.

Eslatib o‘tamiz, Farmatsevtika kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini birlashtirgan Klinik tadqiqotlar tashkilotlari assotsiatsiyasi Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligini Gamaley nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazida ishlab chiqilgan vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni kechiktirishga chaqirgandi.

Assotsiatsiya vaksina yaratuvchilari uning sinovlarini hatto yuzlab odamlar ishtirokida ham yakunlamagani, bundan tashqari vaksina asosida sinovlari hali ham davom etayotgan MERS’ga qarshi boshqa vaksina borligini bildirgan va shu sababli uning samaradorligi to‘g‘risida xulosa berishga hali asos yo‘q deb topgan.

Roszdravnadzor assotsiatsiyaning taklifiga javoban Gamaley markazi vaksinasi bilan bir necha yuz nafar ko‘ngillilar emlangani va ularda jiddiy nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmaganini bildirgan.

11-avgust kuni mamlakat prezidenti Vladimir Putin ushbu vaksina ro‘yxatga olinganini va qizlaridan biri emlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi emlanishdan so‘ng qizining tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilgan, ertasi kuni esa 37 darajagacha tushgan. “Bo‘ldi. Ikkinchi muolajadan so‘ng tana harorati yana biroz ko‘tarilib, keyin tushdi. O‘zini yaxshi his qilyapti”, — degan Putin.