Andijon viloyatida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi mansabdor shaxslari juda ko‘p miqdorda budjet mablag‘larini o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu mansabdor shaxslar haqiqatda ishlamagan xodimlarga oylik maosh to‘lash hamda asossiz mukofot pullari va qo‘shimcha ustamalar to‘lab berilishi natijasida 239,1 million so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Holat yuzasidan boshqarma mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Shahrisabz davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori o‘z rafiqasi va ishlamagan to‘rt nafar xodim nomiga ish haqi yozib, 62,9 million so‘mni o‘zlashtirgani xabar berilgan, keyinroq Madaniyat vazirligi uni rad etgandi.