Yugoslaviya urushi Yevropaning yaqin tarixidagi eng mudhish voqealardan biri hisoblanadi. Bir paytlar yagona davlatda yashagan xorvatlar, serblar, boshnoqlar, albanlar o‘zaro qonli kurashga kirishdi. Bu urushning eng diqqatga sazovor sahifalaridan biri 1995-yil 4–9-avgustda Xorvatiya kuchlari o‘tkazgan “To‘fon” operatsiyasidir. “Daryo” ushbu voqeaga 25 yil to‘lishi munosabati bilan tarixni eslaydi.
“ ‘To‘fon’ harbiy amaliyoti Slobodan Miloshevichning millatchilik siyosatining inqirozini anglatadi”, – Ozren Junets, xorvat jamiyatshunosi.
“Vaqt bombasi” yarimorolidagi etnik munosabatlar tarixi
Bolqon yarim orolidagi inqiroz – bu butun Yevropaning tarixi hisoblanadi. Bolqon yarimoroli xaritasining turli davrlarda o‘zgarishida XIX va XX asrlarda manfaatlari to‘qnash kelgan yirik imperiya va monarxiyalarning to‘qnashuvi bilan uyg‘unlikda yuz berdi. Hali Yugoslaviya atamasi mavjud bo‘lmagan XIX asrning oxirlari va XX asr boshlarida Bolqon yarimoroli aholisi Bolqon urushlarida, keyinchalik Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarini boshidan kechirdi.1878-yilning 13-iyul sanasida Berlin tinchilik sulhi natijasida Serbiya va Chernogoriya Usmoniylar imperiyasi vassalidan mustaqil davlatga aylandi. Bolqon yarimoroli aholisining katta qismi Usmoniylar sultonligi va Avstriya Vengriyaning Gabsburglar sulolasi qo‘l ostida qolaverdi. Janubiy slavyanlar bir jog‘rofiy hududda yashar va turli tashqi hujumlardan himoyalanish uchun Yugoslaviya g‘oyasi bilan yashar, lekin bu ham yuksak, ham soxta g‘oya uchun bolqonliklar ko‘p marta tovon to‘lashiga to‘g‘ri keldi.
Chunki tili, madaniyati qarindosh, biroq dini farq qilagan hududda “bir hudud, bir millat, bir davlat, bir til” g‘oyasi sarob edi. Birinchi jahon urushida Antanta g‘olib bo‘ldi, Versal tinchlik bitimiga ko‘ra, Bolqonda birodarlik aloqalariga asosan bog‘langan davlat qurishga kelishib olindi-yu, darhol xorvatlar, slovenlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Bolqon yarimorolidagi siyosiy vaziyat vaqtga qo‘yilgan portlovchi bombani eslatar edi. Urush chiqishi aniq, lekin qachon degan savol mintaqa aholisini doim havotirga solardi.
Kommunizmning inqirozi va Yugoslaviya Ittifoqining parchalanishi
Yevropadagi kommunizm inqirozi Yugoslaviyani ham chetlab o‘tmadi. 1989-yilda Yugoslaviyada siyosiy partiyalar tuzishga ruxsat berildi va 1990 -ilning aprel–may oylarida Yugoslaviyada ko‘ppartiyali saylovlar o‘tkaziladi. Xorvatiya, Bosniya va Gersogovina, Sloveniya va Makedoniyada mustaqillikni yoqlab chiqayotgan kuchlar hokimiyat tepasiga kelishdi. Serbiyada esa “Buyuk serblar” g‘oyalarini dastak qilib olgan Slobodan Miloshevish hokimiyat tizginlarini qo‘l ostiga oldi.Sloveniya birinchi bo‘lib mustaqillikni qo‘lga kiritib oldi. Xorvatiya va Bosniyadagi siyosiy voqealar ham Sloveniya ssenariysi bo‘yicha rivojlana boshladi. 1991-yilning 19-may sanasida Xorvatiyadagi saylovlarda 94 foiz xorvatlar mustaqillikni yoqlab ovoz berdi. 25-may sanasida Xorvatiya mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilindi. Biroq “Buyuk Serbiya” g‘oyalariga o‘ralashib qolgan Miloshevich xorvatlarga qarshi armiya yubordi. Xorvatiyada endigina siyosiy institutlar paydo bo‘layotgan, Yevropadagi eng kuchli armiyalardan biri bo‘lgan serblarga qarshi turishga xorvatlarning xalq qo‘shinigina mavjud edi.
1992-yilga kelib jahon hamjamiyati Xorvatiyaning mustaqilligini tan oldi va serb qo‘shinlari sekin-asta mamlakatni tark eta boshladi. Shunga qaramasdan, serblar istiqomat qiladigan hududlarda poytaxti Knin bo‘lgan Serb Krainasi respublikasi tuziladi.
Xorvatiya mustaqillikni qo‘lga kiritgach mamlakatda tub bozor iqtisodiyoti islohotlari o‘tkazadi. Mamlakat qisqa vaqt davomida samarali boshqaruv tizimi va qurolli kuchlarini tashkil qiladi. 1994-yil xorvatlar uchun nisbatan osuda davr bo‘ldi. Bu davr urushdan oldingi sukunat davri edi. 1995-yilda BMT Serb Krainasini muxtoriyat maqomida xorvatiyaga birlashuvini amalga oshirish uchun “Zagreb-4” rejasini ishlab chiqadi. Lekin serblar tinchlikka eltuvchi mazkur rejaga qo‘shilmasliklarini bildiradi. Bu esa urush bo‘lishidan darak edi. 1995-yil may oyida serb va xorvatlar o‘rtasida urush boshlanib ketadi.
“To‘fon” operatsiyasi
Xorvatiya prezidenti Tujman mamlakat yaxlitligini bir umrga ta’minlashga qaror qiladi. 1995-yilning iyul oyida mamlakat miqyosida umumiy harbiy chaqiriq e’lon qilinadi. Umumiy harbiy chaqiriq natijasida 50 ming nafar Xorvatiya mudofaa qo‘shinlari 150 ming nafarga yetadi. Harbiy sohadagi islohotlar natijasida armiya qaytadan tashkil qilingan, tartib intizom va boshqaruv tizimi yangilangan edi. Kerakli miqdorda harbiy qurol yarog‘lar ham urush olib borish holatiga tayyorlangandi.1995-yilning 4-avgust sanasida Xorvatiya hukumati vakili Xrvoye Sharinich fransuz tinchlikparvar kuchlari qo‘mondoni Janvyerni mamlakat yaxlitligini ta’minlash uchun harbiy amaliyot boshlnayotganidan xabardor qiladi. Mazkur xabar tez orada mintaqadagi boshqa tinchlikparvar kuchlar harbiylariga ham yetkaziladi.
4-avgust tongi soat 5:00 da xorvat qurolli kuchlari artileriya va havo hujumlari yordamida Serb Krainasi Respublikasining aholi punktlarini o‘qqa tutadi. 630 kilometrga cho‘zilgan jang maydonida Xorvatiya armiyasining quruklikdagi qo‘shinlari 30 ta yo‘nalishda jangga kiradi. Harbiy amaliyotlarning birinchi kunida xorvat qo‘shinlari jangovar vazifani bajarib va serblar egallab turgan hududlarni qurshab olishga erishadi. Shu kuni Konstaynisa, Petrina, Glina, Slun, Grachats, Oborvats, Drnish kabi shaharlar serblar qo‘lidan tortib olinadi.
Xorvat harbiylarining shiddatli hujumlari natijasida poytaxt Knindagi serb harbiy bo‘linmalari shaharni tashlab chiqib keta boshlaydi. 6–7-avgust kunlari davom etgan harbiy amaliyotlar xorvat qo‘shinlariga mamlakatni deyarli konstitutsiyaga zid tarzda tuzilgan serb harbiy bo‘linmalaridan ozod qilinishiga olib keladi. Aksar serb harbiy bo‘linmalari Bosniya va Gersogovina hududiga chekinishga majbur bo‘ladi.
7-avgust kuni soat 18:00 da Xorvatiya mudofaa vaziri Goyko Shushak “To‘fon” harbiy operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlanganini e’lon qiladi. 8–9-avgust kunlari esa omon qolgan serb ayirmachilarining qarshilik guruhlari tor-mor qilinadi va qo‘lga olinadi. Oradan bir hafta o‘tgach esa Xorvatiya hukumati mamlakat miqyosida demobilizatsiya jarayoni boshlanganini e’lon qiladi. Xorvatiyaning konstitutsiyaviy tuzumi, respublika bir butunligi saqlab qolinadi.
So‘ng so‘z o‘rnida
“To‘fon” harbiy amaliyoti Xorvatiya tarixida eng yaxshi tashkillangan harbiy amaliyot sifatida qoldi. Uch kun davom etgan janglar mamlakatning uchdan bir qismini egallab olgan serb ayirmachilarining mag‘lubiyati bilan tugadi. Serb ayirmachilarini qo‘llab-quvvatlayotgan tashqi dushman bo‘lishiga qaramasdan, xorvatlar milliy mustaqilligini saqlab qola oldi. Bu g‘alaba esa mamlakatda tog‘ri tanlangan siyosat, to‘g‘ri amalga oshiriligan islohotlar natijasida qo‘lga kiritildi.
Hukumat tepasida qo‘lidan haqiqiy ish keladigan yetakchilar turdi. Xorvatlar har yili 4-avgust sanasini g‘alaba kuni sifatida nishonlasa, serblar bu kuni xorvatlar serblarga qarshi jinoyatga – genotsidga qo‘l urdi, deya yodga oladi. Urush natijasida 200 mingga yaqin serblar Xorvatiyani tashlab, qo‘shni Serbiyaga, Kosovaga, Bosniya va Gersogovinaga qochib o‘tadi.
2005-yilda Gaagadagi Xalqaro tribunal “To‘fon” operatsiyasida qatnashgan xorvat generallarini va hattoki prezident Frano Tujmanni harbiy jinoyatlar sodir etganlikda ayblaydi. Xorvatiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga taqiq qo‘yiladi.
2011-yilga kelib Halqaro Sud Ante Gotovina, Ivan Chermak va Mladen Markach – xorvat generallariga nisbatan ayblovlarni bekor qiladi. 2015-yilning fevral oyida Xalqaro sud Belgrad Xorvatiyaning bir-biriga nisbatan surgan genotsiddagi ayblovlarini e’tiborsiz qoldiradi. Zagreb va Belgradga urush natijasida bedarak ketganlarni aniqlash borasida tavsiyalar beradi.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)