Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov vafot etgani haqida avvalroq xabar berilgandi. Senator o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Musa Yerniyazov.

Foto: “Daryo”

Vazirlikning xabar berishicha, Musa Yerniyazovda kasallikning klinik belgilari kuchaygani sababli 30-iyun kuni Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialiga olib kelingan va og‘ir ahvolda reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorga ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafar yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor bir necha yillardan buyon qandli diabet, gipertoniya, yurak ishemik kasalliklaridan davolanib kelgan.

Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialida Musa Yerniyazovni davolash ishlari chet ellik va Toshkent shahridagi yetakchi shifokorlar bilan konsultatsiyalar va konsiliumlar orqali amalga oshirilgan.

Musa Yerniyazovning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga stabil og‘ir bo‘lib turgan, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir respirator distress sindromidan vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqidagi xabarlar iyul oyi boshida paydo bo‘lgandi. Ammo o‘shanda Qoraqalpog‘iston rahbariyati bu xabarlarni qat’iy rad etgandi. Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi esa 31-iyul kuni Musa Yerniyazovning 30-iyunda kasalxonaga yotqizilganini xabar qildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 18-iyul kuni Musa Yerniyazov koronavirusga chalingani haqida xabar bergandi. SSV Yerniyazovning ahvolini barqaror deb baholagandi.

30-iyuldagi AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zosi Anvar Alimov Musa Yerniyazovning ahvoli og‘irligi va u sun’iy nafas olish apparatiga ulanganini ma’lum qilgandi.