20-iyuldan boshlab Nyu-Yorkda botanika va hayvonot bog‘lari ochiladi, kino sanoati, sport tadbirlari tomoshabinsiz qayta yo‘lga qo‘yiladi, biroq savdo markazlari, muzeylar va kinoteatrlar yopiqiligicha qoladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Hukumat qaroriga ko‘ra, shahar epidemiologik vaziyatning yaxshilanishi fonida ochilishning 4-fazasiga o‘tmoqda.

“Kecha Nyu-Yorkda koronavirusga 78 239 ta test o‘tkazildi. 776 kishida virus aniqlangan — bu 1 foizdan ham kamroq. Bu juda yaxshi yangilik”, — deydi shtat gubernatori Endryu Kuomo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 16-iyul kuni shtatda 10 kishi koronavirus qurboniga aylangan, shifoxonalarda 765 kishi qolmoqda. “Ushbu ko‘rsatkich 48 kishiga kamaydi. Bu 8-martdan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkich”, — deydi gubernator.

Kuomoning ta’kidlashicha, shtatdagi barcha hudud 4-bosqichga o‘tadi. Bundan boshqa fazalar yo‘qligi sabab, shtat ochilishlarning so‘nggi bosqichida.

Gubernatorning eslatishicha, 4-bosqich maktablarning ochilishiga ham rusxat beradi. Nyu-Yorkda qayta ochilgan botanika va hayvonot bog‘lari tashrif buyuruvchilarni maksimal qabul qilish quvvatining 33 foiziga xizmat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, Nyu-York tibbiyot xizmatlari 11-iyul kuni to‘rt oydan buyon birinchi bor koronavirusdan vafot etish bo‘yicha birorta ham holatni qayd etmagan.