“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
15:24, 17.07.2020 22397

Husnbuzarlar — sutdan, shishlar — shirinliklardan. Mahsulotlar tashqi ko‘rinishga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Yuz terisida muammolar kuzatilishini payqagan bo‘lsangiz, dorixona yoki kosmetik vosita xarid qilishga shoshishdan avval ovqatlanish ratsioningizga nazar tashlang.

Foto: Pixabay

Sutli mahsulotlar siz o‘ylaganchalik zararsiz emas

Shifokor-kosmetolog Natalya Rayevskayaning ma’lum qilishicha, sutli mahsulotlar tarkibida laktoza uglevodi, ya’ni sutli shakar bo‘lgani uchun ham husnbuzar toshishiga fast-fud va gazlangan suvdan kam bo‘lmagan ta’sir ko‘rsatadi. Gap shundaki, laktoza uglevodining parchalanishi uchun laktoza fermenti yetarli darajada bo‘lishi kerak, aksincha bo‘lsa, sutli shakar ichaklarda so‘rilmay qolib ketadi va bu o‘z navbatida tashqi ko‘rinishga ham ta’sir ko‘rsatadi. Fitnes-nutritsiolog Anna Makarova esa qattiq pishloq, tvorog, kefir va yogurtlar bundan mustasno ekanini ta’kidlaydi. Chunki bu mahsulotlar probiotiklarga boy ekani sabab ichaklar mikroflorasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Sut organizmning o‘sishida ahamiyatli hisoblanadi va shu boisdan ham bolajonlarga tavsiya qilinadi. Sut organizmda o‘sish omilini rag‘batlantirib turadi, uning iste’molidan keyin esa miyaga organizm hali yetilmagan, o‘sishi kerak degan signal boradi va buning natijasida teridan husnbuzar toshishiga sabab bo‘ladigan sebul ajralib chiqadi. Shu o‘rinda o‘rinli savol paydo bo‘ladi: nima uchun ayrimlarga shokolad ham, sut ham ta’sir qilmaydi — husnbuzar ham toshmaydi, boshqalarda esa aksincha? Javobi esa genetik moyillik bilan bog‘liq bo‘lib, qo‘zg‘atuvchilar yog‘li yuz terisida kichik mahsulot ta’sirida ham muammolar keltirib chiqaradi.

Shakar erta qarishga sababchi bo‘ladimi?

Shirinlik iste’molidan keyin organizmda oqsil va shakar o‘rtasidagi kimyoviy reaksiya — glikatsiya jarayoni yuz beradi. Bu jarayon esa teri tarangligi, silliqligi va egiluvchanligini ta’minlaydigan kollagen tolalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, yangi tolalar o‘sishiga qarshilik qiladi, qon mikrosirkulyatsiyasi va hujayralar reginaratsiyasining ham yomonlashishiga olib keladi. Buning natijasida terining erta qarishi, ajin tuzishi kuzatiladi.

Ratsion va teri namligi o‘rtasidagi bog‘liqlik

Teri qurishi iste’mol mahsulotlari bilan bog‘liq. 25 yoshdan keyin yuzni namlantirishga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘ladi va namlantirishni ichki va tashqi tomondan birga olib borish kerak.

Mutaxassis Natalya Rayevskaya teri quruqligiga qarshi vitamin va tashqi namlantiruvchi preparatlar hamda biorevitalizatsiya bilan kurashish kerakligini bildiradi.

Biroq bu vaqtda ratsionga ham e’tibor berish kerak. Organizmga teri salomatligi uchun muhim bo‘lgan oqsil, yog‘ kislotalari, A va E vitaminlari yetarli bo‘lishiga diqqat qaratish kerak. Qolaversa, yetarli miqdorda suyuqlik ichish, qahva siydik haydash xususiyatiga ega bo‘lgani uchun uning iste’molini nazorat qilish kerak.

Sabzavot va mevalar

Mutaxassis Anna Makarovaning so‘zlariga ko‘ra, har bir insonning oqsil, yog‘ va uglevodlar iste’moliga ehtiyoji yuqori bo‘ladi. Shu sabab ham tarkibida ushbu moddalar bo‘lgan mahsulotlarni iste’molidan tashqari, tarkibida meva va sabzavot ekstraktlari qo‘shilgan kosmetik vositalardan ham foydalanish tavsiya qilinadi. Ayniqsa, turli vitamin va to‘yingan yog‘lar, antioksidant va mikroelementlar qo‘shilmasidan tayyorlangan vositalar ayni muddao.

Izoh qoldirishdan avval, qoidalar bilan tanishib oling: http://dy.uz/QbkeZ