1789-yil 14-iyul kuni parijlik qo‘zg‘olonchilar Fransiyadagi mutlaq monarxiyaning ramzi Bastiliya qamoqxonasini egallab oldi. Aynan shu voqeadan so‘ng Buyuk fransuz inqilobi boshlandi. Bu inqilobdan dunyoning yangi tarixi, liberalizm, demokratiya va zamonaviy davlatlar, institutlar, umuminsoniy qadriyatlar boshlanadi: Fransiyada yuzaga kelgan bu g‘oyalar, bu institutlar keyinchalik butun dunyoga yoyilib, bugungi dunyodagi aksariyat jamiyatlar va davlatlar tomonidan qabul qilindi.

Bu kun Fransiyada milliy bayram sifatida har yili keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan Bastiliya qamoqxonasining egallanishini esga olamiz.

Bastiliya qal’asi

Bastiliya qal’asi 1370–1383-yillarda qurilgan bo‘lib, o‘zining mavjudligi davomida turli vazifalarda ishlatilgan. Bugungi Bastiliya maydoni o‘rnida bo‘lgan mazkur qal’a dastlab kichkina istehkom bo‘lgan, Karl V hukmronligi davrida qaytadan katta qal’a qilib qurilgan. Uning uzunligi 66 metr, eni 34 metr va balandligi 24 metr bo‘lgan. Uning  sakkizta minorasi bo‘lgan. Atrofini 25 metr kenglikdagi, sakkiz metr chuqurlikdagi anhor o‘rab turgan. Anhorga suv Sena daryosidan kelgan.

Foto: Google Photos

Qal’a Lui XI hukmronligi davrida vaqti-vaqti bilan qamoq, keyinchalik, armiya qurol-yaroq ombori, Fransua I davrida qabul marosimlari uchun, Genri IV davrida esa xazina g‘aznasi sifatida ishlatilgan.

Qamoqxona sifatida asosan siyosiy mahkumlarni saqlash uchun foydalanilgan. Mazkur qamoqxonada bir qator mashhur shaxslar ham saqlangan. Jumladan, Mishel de Monten, Volter singari ziyolilar Bastiliyada saqlangan. Ayrim tarixchilar Bastiliyani “ziyolilarning uchrashuv yeri” deb ta’riflaydi (Frédéric Lenormand, La Pension Belhomme, une prison de luxe sous la Terreur, Paris, 2002.).

Bastiliyaning eng mashhur mahbusi bir qator romanlar va filmlarning motiviga aylangan “temir niqobli kishi” edi. U 1698-yil 18-sentyabrda hibsga olinadi va 1793-yilda Bastiliyada vafot etadi. Lui XIV hukmronligi davrida yashagan bu mahbusning na ismi, na qamoqqa olish sabablari shu kungacha aniq emas. Dafn etilayotganda “Marchioly” ismi bilan dafn etilgan mazkur mahbus 64489001 raqami ostida ro‘yxatga olingan.

Bastiliya qal’asi Buyuk fransuz inqilobi davomida buzib tashlanadi. Buzish ishlari qal’a egallangan kunning ertasidanoq boshlandi, ya’ni 1789-yilning 15-iyulidan.

Foto: Google Photos

Tarixiy sharoit

Bastiliyaning egallanishi Buyuk fransuz inqilobining eng muhim nuqtasi hisoblanadi. Aslida, inqilobning ildizi iqtisodiy va siyosiy sabablarga borib taqalar edi. Oxirgi ikki yilda hosil yaxshi bo‘lmadi. Fransiya ochlik yoqasiga kelib qoldi. 1788-yilda qirol Lui XVI General shtatlarni chaqirishga qaror qildi. Aholining uch tabaqasi: ruhoniylar, zodagonlar va past tabaqa (tiers état)dan tashkil topgan mazkur yig‘ilish 1789-yilning 5-may kuni chaqirildi. Yig‘inda uchinchi tabaqa vakillari foydasiga hech qanday qaror qabul qilinmadi. Bundan norozi bo‘lgan oddiy xalq qo‘zg‘olon ko‘tardi.

Bastiliya nega muhim edi?

Qo‘zg‘olonchilar uchun Bastiliyaning egallanishi nega kerak edi? Mutaxassislar buning turli sabablarini keltiradi. Bastiliyaning egallanishi ikki ehtiyojdan kelib chiqqan edi, deb yozadi “Future-sciences.com” sayti. Darhaqiqat, qurollarga ega bo‘lgan qo‘zg‘olonchilar o‘q-dori va poroxga ehtiyoj sezadi. Bir necha manbalar bunday ehtiyojning Bastiliyada mavjudligini ko‘rsatadi. Shunday real ehtiyojga monarxiya repressiyalarining ramzini yo‘q qilish ehtiyoji ham qo‘shildi. Chunki yuz yillar davomida Bastiliyada qirollik muxolifati vakillari saqlanib kelar edi.

Yana bir sabab esa Bastiliyada don zaxiralari mavjudligi haqidagi ma’lumotlar edi (Frantz Funck-Brentano, La Vie à la Bastille, étude historique, Secrétariat de la société d'économie sociale, 1889, 33 p..). Non va donning narxini tushirishni talab qilgan isyonchilar donga ega bo‘lish uchun ham Bastiliyani ishg‘ol qilishga qaror qiladi. Qamoqxona boshqaruvchisi bilan kelishuvga erishilmagach, kuch ishlatishga qaror qilishadi.

Foto: Google Photos

12-iyul kuni qo‘zg‘olonchilar to‘plandi. Ular burjua militsiyasi tashkil qildi va bu militsiyani qurollantirish maqsadida 14-iyul kuni Hôtel des Invalides’ni egallab olishdi. U yerdan 30 mingdan 40 mingacha poroxli miltiqlarni va 20 ga yaqin artilleriya to‘plarini qo‘lga kiritishdi. Ularga endi faqatgina o‘q dori va porox kerak edi.

Bastiliyaning qamal qilinishi va egallanishi

14-iyul soat 10 :30 da qo‘zg‘olonchilar qo‘mitasi Bastiliya qarshisiga keldi va qal’a qo‘mondoni bilan kelishuvga erishishiga harakat qildi. Dastlab, ularda Bastiliyani kuch bilan egallash maqsadi bo‘lmagan edi (Henry E. Bourne, “Improvising a Government in Paris in July, 1789”, The American Historical Review, vol. 10, no 2, pp. 280-308 ; (en) George Rudé, The French Revolution: Its Causes, Its History and Its Legacy After 200 Years, Grove Press, 1991, p. 54.). Bastiliya qo‘mondoni qal’ani mustahkamlashga buyruq berdi. Qal’a devorlari ustiga to‘plar joylashtirildi.

Qo‘zg‘olonchilar kelishuv maqsadida to‘rt marta qal’aga delegatsiya yubordi. Bular foyda bermadi. Ikki o‘rtada otishmalar yuz berdi. Qo‘zg‘olonchilar orasida oddiy xalqdan tashqari bir qancha savdogarlar, harbiylar ham bor edi.

Shu kuni soat 17:00 da Bastiliya taslim bo‘ldi. Bastiliyaga kirgan olomon o‘q-dori va poroxlarni egallab oldi. Shuningdek, o‘sha paytda qamoqda bo‘lgan yetti nafar mahbusni ham ozod qilishdi. Qal’a boshqaruvchisi Bernar Rene Jordan de Lonay o‘ldirildi va boshi tanasidan judo qilindi hamda Parij ko‘chalarida aylantirildi. Shunday qilib, Fransiyada absolyut monarxiyaning ramzi, qora kunlar xotirasi bo‘lgan Bastiliya qamoqxonasi inqilobchilar tomonidan egallandi va bu monarxiyaning nihoyasining boshlanishi bo‘ldi.

Foto: Google Photos

Fransiya qiroli Lui XVI esa Bastiliyaning egallangani haqidagi xabarni 15-iyul kuni eshitdi. XIX asr tarixchilari qirol va unga xabarni yetkazgan Graf Roshfukot-Liankurt o‘rtasidagi quyidagi dialogni hikoya qiladi:

– Bu qo‘zg‘olonmi ? – so‘radi qirol.

– Yo‘q, janob, bu qo‘zg‘alon emas, bu inqilob, – deya javob berdi graf”

Guy Chaussinand-Nogaret, La Bastille est prise, Paris, Éditions Complexe, 1988, p. 102

Ammo ba’zi manbalar qirol bu haqida o‘sha kunning o‘zida xabardor bo‘lganini xabar qiladi. Tarixchi Jul Mishelening fikricha, Bastiliyaning egallanishining ahamiyatli jihati shundaki, u respublika yaratilishiga poydevor qo‘ydi.

Bugungi kunda Parijda sobiq Bastiliya qal’asi o‘rnida Bastiliya maydoni tashkil qilingan bo‘lib, u fransuz inqilobining ramzidir. Bu maydonda bugun ham bir qancha tadbirlar, namoyishlar va yig‘inlar o‘tkazilib turiladi. Jumladan, Fransiya sotsialist prezidentlarining saylovlardagi g‘alabadan keyingi chiqishlari ham aynan mana shu maydonda bo‘lgan. Masalan, 1981-yil 10-may kuni Fransua Mitteran va 2012-yil 6-may kuni Fransua Ollandlarning g‘alabasiga bag‘ishlangan tadbirlar aynan mana shu maydonda bo‘lib o‘tgan.

Jahongir Ostonov tayyorladi.