Rossiyadagi o‘zbekistonliklar Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tish uchun Samaraga kelishda davom etmoqda. Bu haqda o‘zbeklar va o‘zbekistonliklarning butunrossiya kengashining mintaqaviy bo‘limi rahbari Dilyora Sobirovaga tayanib “Interfaks” xabar berdi.

Kadr: Facebook

Ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonliklarning Rossiya—Qozog‘iston chegarasiga kelishda davom etishiga taksichilarning Qozog‘iston chegarasi ochilgani haqidagi yolg‘on ma’lumoti sabab bo‘lmoqda.

“Agar kecha bu yerdagilarning soni 1139 kishi bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni 1212 kishiga yetdi. Odamlar, asosan, taksida Moskva viloyati va Sankt-Peterburgdan yetib kelmoqda”, — deya ta’kidlagan Dilyora Sobirova.

Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari yig‘ilgan odamlarni o‘tkazish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda, hozircha hech qanday kelishuvga erishilgani yo‘q.

Shuningdek, Orenburg viloyatida ham 747 nafar o‘zbekistonlik yig‘ilgan.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya—Qozog‘iston chegarasidagi “Mashtakovo” va “Sagarchin” nazorat-o‘tkazish punktlari yaqinida O‘zbekiston fuqarolari to‘plangani haqida xabar bergandi. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi fuqarolarni Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishda turli shaxslarga murojaat qilmaslikka chaqirdi. Elchixona chegaraga yetib kelayotgan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi yolg‘on xabarlarga ishonib, Rossiyaning turli hududlaridan kelgani va Qozog‘iston orqali vatanga qaytish istagini bildirayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 13-mayda Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llagan, ertasi kuni esa O‘zbekiston TIV chegarada to‘plangan yuzlab o‘zbekistonliklardan Respublika maxsus komissiyasi qarorini kutishini so‘ragan. Keyinchalik Rossiyaning Samara viloyatida O‘zbekistonga qaytish uchun chegaralarning ochilishini kutayotgan fuqarolar orasida koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida ular uchun lager-observator tashkillashtirilgani ma’lum bo‘ldi. 18—19-may kunlari Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasidagi “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punktida to‘plangan 1206 nafar O‘zbekiston fuqarosi Qozog‘iston hududi orqali vatanga qaytarilgan.

25-mayda Samarada yana yuzlab o‘zbekistonliklar to‘plandi va O‘zbekiston TIV vaziyatga munosabat bildirib, Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish nuqtalariga borishga urinmaslikni, yashash joylarida qolishni va karantin choralariga qat’iy amal qilishni so‘radi. 29-mayda vazirlik o‘zbekistonliklarni Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishda turli shaxslarga murojaat qilmaslikka chaqirgan. Iyun oyining boshida Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan 350 nafardan ortiq o‘zbekistonlik Qozog‘iston hududi orqali mamlakatga olib kelindi.