Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i asosida Tashqi ishlar vazirligi tezkor shtabi tomonidan Rossiya va Qozog‘istonning tegishli organlari bilan olib borilgan hamkorlik ishlari sababli ikki davlat chegarasida to‘plangan fuqarolar O‘zbekistonga olib kelinadigan bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qilgan.

Kadr: YouTube

Mamlakatning Moskva va Ostona shaharlaridagi elchixonalari, Qozon va Aqtau shaharlaridagi Bosh konsulxonalari tomonidan “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ro‘yxati tuzildi hamda tashkiliy va transport masalalari hal qilindi.

Vatanga mazkur ro‘yxatga kiritilgan jami 1100 nafar fuqaro olib kelinadi. Xususan, 2020-yil 18-may va 19-may kunlari 550 nafardan fuqaroning avtobuslarda O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqishi rejalashtirilgan. Ular yetib kelishlari bilan 14 kunlik karantinga joylashtiriladi.

TIV axborotiga ko‘ra, fuqarolarni Rossiya—Qozog‘iston chegarasi orqali O‘zbekistonga olib kelish istisno tariqasida va diplomatik vakolatxonalar tomonidan avvaldan shakllantirilgan ro‘yxat asosida amalga oshirilmoqda. Qo‘shimcha ro‘yxat tuzish ko‘zda tutilmagan.

Vazirlik Rossiya hududida bo‘lib turgan fuqarolardan “Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti yoki boshqa Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegarasini kesib o‘tish punktlariga borishga urinmaslikni, hozirda bo‘lib turgan joylarida qolishini va barcha karantin choralariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.

Tashqi ishlar vazirligi o‘zbekistonliklarni Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga olib kelishning qayta boshlanishi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 7-may kuni o‘tkazilgan videoselektorda Shavkat Mirziyoyev Rossiya, Turkiya, BAA va boshqa davlatlarda og‘ir vaziyatga tushib qolgan 11 ming nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilishini aytgandi.

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiyada bo‘lib turgan 65 ming nafar fuqaroning qaytish istagida ekanini bildirgan holda onlayn-so‘rov bilan murojaat etganini ma’lum qilgan.