O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslar Rossiya—Qozog‘iston chegarasiga odamlarni yetkazib qo‘yish va chegarani kesib o‘tishda “yordam berish”ni va’da qilib, turli e’lonlar tarqatayotgani yuzasidan bayonot berdi. Elchixona fuqarolardan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini so‘ragan.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘istonda joriy qilingan karantin choralari, shu jumladan, mamlakatlarga kirish bo‘yicha cheklovlar o‘z kuchida qolmoqda.

Afsuski, shu kunlarda Samara viloyatidagi Bolshaya Chernigovka qishlog‘i, Orenburg viloyatidagi Buzuluk tumani va Sol-Ilesk shahrida O‘zbekiston fuqarolarining yana to‘planishi kuzatilmoqda. Ularning ko‘pchiligi yolg‘on xabarlarga ishonib Rossiyaning turli hududlaridan kelgan va Qozog‘iston orqali vatanimizga qaytish istagini bildirmoqda.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqarolarning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, kasallar, doimiy kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Yana bir bor, Rossiya hududidagi vatandoshlarimizdan turli yolg‘on xabarlar va mish-mishlarga ishonmasliklarini, Rossiya—Qozog‘iston davlatlararo chegara punktlariga borishga urinmaslik, hozirgi yashash joylarida qolib, karantin choralariga qat’iy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi

O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga muvofiq, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga zid ma’lumotlarni tarqatish uchun javobgarlik belgilangan. Xususan, mazkur ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek, internet orqali tarqatish BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha (44,6 million so‘mdan 89,2 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, Rossiya qonunchiligiga binoan, og‘ir oqibatlarga olib kelishini bila turib yolg‘on ma’lumotni tarqatish 300 mingdan 2 million rublgacha jarima hamda uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiy—Qozog‘iston chegarasidagi “Mashtakovo” va “Sagarchin” nazorat punktlari yaqinida yana O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, may oyida ham shu kabi holat ro‘y bergan edi. 13-mayda Rossiya—Qozog‘iston chegarasida to‘plangan o‘zbekistonliklar Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘llagan, ertasi kuni esa O‘zbekiston TIV chegarada to‘plangan yuzlab o‘zbekistonliklardan Respublika maxsus komissiyasi qarorini kutishni so‘ragan. Natijada O‘zbekiston hukumati Rossiya va Qozog‘iston vakolatli organlari bilan kelishgan holda, 1200 nafar fuqaroni avtobusda mamlakat hududiga olib kelishga erishgandi.