Qo‘rqinchli London. 7-iyul – Britaniya tarixidagi eng yirik terrorchilik akti sodir etilgan kun
2005-yilning 7-iyul kuni dunyo ommaviy axborot vositalarining nigohi Londonga qaratilgandi. Xuddi shu yili Yevropa tarixidagi eng dahshatli teraktlardan biri amalga oshirildi. Ushbu teraktlar butun Angliyanini yoz bo‘yi qo‘rquvda ushlab turishga sabab bo‘ldi. Bu safar katta sahnada Britaniya uchun “an’anaviy” bo‘lgan irland jangarilari emasdi...
Pokiston razvedkasi ogohlantiradi
2000-yil noyabr oyidayoq Birmingemda ikki nafar kelib chiqishi bangladeshlik bo‘lgan Britaniya fuqarolari hibsga olindi, ulardan biri portlovchi moddalar saqlagani uchun 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2004-yilda esa, asosan, Pokistondan kelgan muhojirlardan tashkil topgan, bomba va kimyoviy qurollarni yig‘ish niyatida yurgan guruhlar qo‘lga olina boshladi.Shunday guruhlardan birini fosh qilish, keyinchalik, Al-Qoida terrorchi tashkilotining kompyuter mutaxassisi Muhammad Naim Nur Xonni qo‘lga olishga imkon berdi. Ma’lum qilinishicha, Pokiston razvedkasi o‘z ma’lumotlari asosida Britaniyadagi hamkasblariga 2005-yil may oyida Buyuk Britaniyada terrorchilik xurujlari amalga oshirilishi mumkinligi haqida xabar bergan, ammo ularning qanday amalga oshirilishi va taxmin qilingan vaqtini ko‘rsatib bera olmagan.
Terakt
Londondagi terror xurujlari 7-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 8:50 da yuz bera boshlagan. Metro poyezdlarida bir daqiqada uchta portlash ro‘y berdi, xususan, Liverpul strit-Aldgeyt yo‘nalishida, Edjver Rouddan Paddington tomon harakatlanishda va Kings Kross-Rassel Skver yo‘nalishlarida. Oradan bir soat o‘tib, Tevistok maydoniga boradigan ikki qavatli avtobusda yana bir bomba portladi.Tergovlarga ko‘ra, ushbu bomba tashuvchisi ham avval metroga borgan, u yerda politsiyachilarning faollashganini ko‘rgan terrorchi qo‘rqqan va boshqa yo‘nalishga qarab ketgan. To‘rtinchi terrorchi soat 8:55da o‘z hamrohlari bilan bog‘lanishga uringan, keyin esa avtobusga chiqib olgan va bombani portlatgan. O‘sha kuni Londonda 4 nafar terrorchini ham qo‘shib hisoblaganda jami 56 kishi halok bo‘ldi, 700 dan ortiq kishi jarohat oldi.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, portlashlarning chuqur tunnellarda amalga oshirilgani qurbonlar sonining yana ham ko‘p bo‘lishidan saqlab qolgan. Portlashlar londonlik Imom Abu Hamza al-Masrining sud jarayoni boshlanganidan ikki kun o‘tgach, Gleniglsda bo‘lib o‘tgan “Katta sakkizlik” sammiti ochilgan kuni amalga oshirilgan. Ammo bu ishni tekshirgan Myorfi komissiyasi portlashlar qandaydir kunga maxsus belgilanmaganini aytib o‘tgan.
Tezkor qidiruv
10-iyulga kelib, politsiya bosqinchilar o‘rtasidagi aloqalarni aniqlab, ularning Londonga biron-bir boshqa joydan kelganliklarini aniqlaydi. 12-iyul kuni ularning kvartiralarida tintuv o‘tkazilib, terrorchilar qay tarzda Londonga kelgani aniqlanadi. 16-iyulga kelib esa teraktlarda ishtirok etganlarning ism-shariflari rasman e’lon qilinadi, 21-iyul kuni vazirlar mahkamasi yig‘ilishida esa yakuniy hisobotning birinchi versiyasi e’lon qilinadi.Garchi terrorchilarning biri to‘liq inglizcha ism-sharifga ega va o‘zi yamaykalik bo‘lsa-da, ba’zi manbalarda xudkushlarning to‘rttalasining ham kelib chiqishi pokistonlik deb berilgan. Ulardan uchtasi ikkinchi avlod muhojirlari bo‘lib, barchasi ko‘p bolali oilalardan bo‘lgan, terrorchilarning eng kattasi hujum paytida 30 yosh, qolganlari o‘rtacha 20 yoshga yaqin bo‘lgan.
Aslida, guruhdagilardan hech biri o‘ta dindorligi bilan tanilmagan. Terrorga olib kelgan omillar sifatida ma’lum bir ijtimoiy sabablarni va “Angliya muhojirlarining ingliz jamiyati tomonidan rad etilishi”, deb ko‘rsatilishi o‘z isbotini topmagan. Chunki bu yigitlar ingliz jamiyatiga juda yaxshi moslashgan va hatto o‘rta maktabda birortasi etnik janjallarda ham qatnashmagan. O‘limidan keyingi yozuvlar e’lon qilingach ma’lum bo‘ldiki, go‘yoki bu ishlar Faludjada o‘ldirilgan 150 ming musulmonlar uchun qasos edi.
Lidslik terrorchilar
Mart oyi oxiridan boshlab, guruh a’zolari o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Lids shahridagi ijaraga olingan kvartirada bomba uchun butlovchi qismlarni sotib olishni boshlaydi. Xonalarni yaxshilab shamollatish uchun derazalarni ochib, niqoblarda ishlashga to‘g‘ri keladi va kimyoviy moddalar bilan ishlash oqibatida deraza yonidagi o‘simliklar qurib qoladi hamda ikki asosiy ishtirokchining sochlari oqara boshlaydi. Buni ular o‘z yaqinlariga, ular muntazam qatnaydigan basseyn suvidagi xlorning ta’siri deb tushuntiradi. Bir muncha vaqt ularning eng dindorlari ham oddiy kiyimlar kiyishni boshlaydi va ularning barchasi voqealar boshlanishidan oldin diniy faoliyatda kamroq qatnashadi.28-iyun kuni uchta terrorchi Londonga sinov safarini uyushtiradi va ertalabki poyezdlar jadvalini yozib oladi. Jami tayyorgarlik va tadbirni amalga oshirish harajatlari sakkiz ming funt sterlingni tashkil qiladi va ular bu pullarni birovning yordamisiz topadi. Temiryo‘l va avtomagistrallarga o‘rnatilgan kameralarga ko‘ra, uch terrorchi Lidsdan Londonning shimoli-g‘arbiy chekkasida joylashgan Luton shaharchasiga keladi. Soat 8:24 da esa poyezd ularni Londonning Kings-Kross vokzaliga olib keladi. Soat 8:40 da ular vokzaldan metroga tushib ulguradi va oradan 10 daqiqa o‘tib sinxron ravishda o‘zlarini portlatishni boshlaydi. Tergovlar shuni ko‘rsatadiki, terrorchilar o‘z vahshiyliklarini sodir etishidan oldin hech qanday marosim va ibodatlar qilmagan.
Ikkinchi to‘lqin
21-iyul kuni Londonda terroristik hujumlarining ikkinchi to‘lqini ro‘y berdi, yana to‘rtta bomba ishtirok etdi, ammo bu safar hech kim jabrlanmadi. Bu safargi harakatlar ham yana o‘sha tartibda – uchtasi metro stantsiyasida va bittasi avtobusda portlashi kerak edi. Soat 12:30 da guruh a’zolaridan biri avtobusning ikkinchi qavatiga faollashtirilgan bomba solingan ryukzakni joylab, avtobusdan chiqib ketadi, ammo bu portlashdan faqat avtobusning old oynasiga zarar yetadi xolos.Qolgan bombalar ham politsiya tomonidan zararsizlantiriladi. Ushbu ikkinchi to‘lqin teraktlarining barcha ishtirokchilari Somali, Eritreya va efiopiyaliklar edi. Myorfi komissiyasi esa portlashlarning birinchi to‘lqini va ikkinchi to‘lqini orasida uzviy bog‘liqlikni topmagan. Aktlar ishtirokchilari, stantsiyalar va lokatsiyalar ham bir biridan ajralib turardi.
Asablar tarang
Ushbu umumiy xaos politsiyachilarning ham asablarini qiynab yubordi, ushbu teraktlar fonida, ikkinchi to‘lqinning ertasi 22-iyul kuni metroda patrul xizmati politsiyasi tomonidan umuman terrorchilikka aloqasi yo‘q braziliyalik yigit terrorchilardan biri sifatida gumon qilinib otib tashlandi.Yakun
Ushbu voqea g‘arbiy Yevropada xudkush terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan birinchi terakt deb hisoblanadi. Ushbu terrorchilik harakatlari 1988-yilning dekabr oyida Lokerbi osmonidagi fojiadan keyingi Buyuk Britaniya tarixidagi eng yirik terror xuruji edi. O‘shanda bomba joylashtirilgan samolyotning portlashi oqibatida 270 kishi halok bo‘lgan. Bu endi umuman boshqa hikoya...Nurbek Alimov tayyorladi.
