Pandemiya vaqtidagi eng kuchli pasportlar reytingida birinchi o‘rinni Yaponiya egalladi, uning fuqarolari vizasiz yoki yetib kelgan vaqtda beriladigan viza bilan 191 ta mamlakat va hududga tashrif buyurishi mumkin. Reyting Henley & Partners kompaniyasi tomonidan tuzilgan. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar berdi.
O‘zbekiston mazkur reytingda 86-o‘rinni egallagan. O‘zbekistonliklar 57 ta davlatga vizasiz borishi mumkin. 2020-yilning yanvar oyida e’lon qilingan reytingda O‘zbekiston 85-o‘rinda edi.
Yaponiyadan keyingi o‘rinni Singapur 190 ta mamlakat bilan egallagan. Germaniya va Janubiy Koreya fuqarolari 189 ta mamlakatga tashrif buyurishi mumkin. Ispaniya va Italiya pasportiga ega bo‘lgan kishilar 188 ta mamlakatga, Avstriya fuqarolari esa 187 ta davlatga borishi mumkin.
Reytingda koronavirus pandemiyasi o‘z aksini topmagan, chunki pandemiya sababli joriy qilingan cheklovlar vizasiz harakatlanish bo‘yicha rasmiy kelishuvlarga bog‘liq emas. Biroq koronavirus odamlarning harakatlanishiga va pasportlar qadriga kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Pasportlarning ba’zilari “kuchsizlashgan”.
AQSh pasporti Buyuk Britaniya va Shveysariya bilan birga yettinchi qatorni egallab turibdi. Biroq hozirgi paytda amerikaliklar karantin cheklovlari sababli Yevropa Ittifoqiga kira olmaydi, shuning uchun AQSh pasporti bilan vaqtincha 27 ta davlatga kirib bo‘lmaydi va u reytingning 28-qatoriga tushib, Meksika bilan bitta o‘rinni bo‘lishib turibdi.
Pandemiya sababli Ukraina pasporti ham o‘z kuchini qisman yo‘qotgan. Gruziya pasporti esa o‘z o‘rnini saqlab qolgan.
Kompaniya ekspertlarining fikricha, pandemiyaga qarshi samarali kurasha olgan mamlakatlar reytingda yetakchilik qilmoqda.
Reyting biror davlatning fuqarolari vizasiz yoki vizani soddalashtirilgan holda olib, nechta davlatga tashrif buyura olishini ko‘rsatuvchi harakatlanish erkinligi indeksiga asoslangan.
O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtab qolgan xalqaro aviqatnovlarini 15-iyundan boshlab “qizil”, “sariq” va “yashil” reyslar prinsipi asosida qayta tiklashi ma’lum qilingan, biroq amalda doimiy aviaqatnovlar tiklangani yo‘q. Shuningdek, 15-iyundan boshlab o‘zbekistonliklarning ish va o‘qish maqsadida chet elga aviatsiya orqali chiqishiga ruxsat berilgani ma’lum qilingan.