O‘zbekistonga sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan (yashil reyslar) Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy va Isroildan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi. Telegram’dagi @koronavirusinfouz kanalining xabar berishicha, bu haqdagi qaror Respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilingan.

Ayni vaqtda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan (sariq reyslar) Yevropa Ittifoqi, Malayziya, Tailand, Singapurdan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida uy karantini nazoratiga olinadi.

“Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan (qizil reylar — evakuatsiya reyslari) qolgan boshqa davlatlar, jumladan, BAA, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi”, — deyiladi Respublika maxsus komissiyasi axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan va yaxshilanayotgan mamlakatlarda aviareys qatnovi kuniga qadar uzluksiz 14 kundan kam bo‘lgan, shuningdek, og‘ir sanitariya-epidemiologik vaziyat saqlanib qolayotgan davlatlardan tranzit orqali kelayotgan shaxslarga O‘zbekistonga kelish uchun aviabiletlar realizatsiya qilinmaydi.

Avvalroq Respublika maxsus komissiyasining 14-iyun kuni e’lon qilingan qarori bilan O‘zbekistondagi kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati 1-avgustgacha amal qilishi, 15-iyundan boshlab esa o‘zbekistonliklarning ish va o‘qish maqsadida chet elga aviatsiya orqali chiqishiga ruxsat berilgani ma’lum qilingan edi.