O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul, dushanba kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti — elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari suhbat avvalida Nursulton Nazarboyevni yubiley bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.

Elboshining zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish, kuchli davlat boshqaruvi institutlari va milliy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, mamlakat raqobatbardoshligi, xalqaro nufuzini oshirishga va eng muhimi, aholining yuksak turmush darajasini ta’minlashga qaratilgan samarali ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tarixiy roli alohida qayd etildi.

“Nursulton Nazarboyevning muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yirik tashabbuslaridan biri — jadal rivojlanib borayotgan Qozog‘istonning ‘tashrif qog‘ozi’ga aylangan yangi poytaxt Nur-Sulton shahriga asos solingani ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, elboshining global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, turli hududlardagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish, Markaziy Osiyoda integratsiyani kuchaytirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyatda keng e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, Qozog‘istonning birinchi prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘istonning ko‘p qirrali hamkorligi izchil rivojlanishda davom etmoqda hamda savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika, ta’lim va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi aniq qo‘shma dastur va loyihalar hisobiga kengayib bormoqda.

Muloqot chog‘ida yetakchilar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalarni muhokama qildi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, pandemiyaning o‘zaro manfaatli hamkorlikka salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha o‘zaro yaqin muvofiqlashuv va sheriklikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Avvalroq Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyevning 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan uning haykali ochilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 18-iyun kuni Nursulton Nazarboyevning koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Nazarboyevga maktub yo‘llab, uning tez orada tuzalib ketishini tilagandi. Keyinroq Mirziyoyev telefon orqali Nursulton Nazarboyevning holidan xabar olgandi. Koronavirusga chalingani sababli Nursulton Nazarboyev Moskvada 24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida ishtirok eta olmadi.

2-iyul kuni Nursulton Nazarboyev koronavirusdan tuzalgani ma’lum qilindi. Shundan so‘ng elboshi qozog‘istonliklarga murojaat qildi.