1976-yilning 4-iyul kuni dunyo razvedka xizmatlari tarixidagi eng namunali operatsiyalardan biri deb hisoblanadigan “Entebbe operatsiyasi” ijobiy yakunlangan edi. “Daryo” sana munosabati bilan isroilliklarning misli ko‘rilmagan muvaffaqiyati haqida hikoya qiladi.
Ushbu voqea 1976-yil 27-iyunda Fransiyaning Air France aviakompaniyasining samolyoti Tel-Aviv—Parij aviaparvozini amalga oshirib, yo‘lda oraliq shahar bo‘lgan Afinaga qo‘nganida boshlandi. Airbus bortida bo‘lgan ikki yuz ellik yo‘lovchining 83 tasi Isroil fuqarolari edi. Ular terrorchilarning asosiy nishoniga aylandi.
Fransiyaga emas, Ugandaga!
Afina aeroportidan samolyotga o‘tirgan to‘rt yo‘lovchi (ikkita arab va ikkita nemis) samolyot bortiga qurol va granatalarni olib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ularga Afina aeroporti xizmatchilarining ish tashlash namoyishlari bo‘layotgani juda qo‘l keldi. Chunki buning natijasida yo‘lovchilar deyarli tekshirilmadi. Aerobus havoga ko‘tarilgach, terrorchilar qurol bilan qo‘rqitib, uchuvchilar xonasiga kirdi va ularga yo‘nalishni o‘zgartirishni buyurdi.Parij o‘rniga samolyot Liviyaning Beng‘ozi shahriga qo‘ndi va yoqilg‘i quyib olgach Ugandaga uchib ketdi. Ushbu mamlakat prezidenti Idi Amin terrorchilarni qo‘llab-quvvatladi va ularga har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Ugandaning Entebbe aeroportida yana to‘rtta falastinlik terrorchilar guruhiga qo‘shildi. Birgalikda ular bir necha kun davomida eski aeroport binosida garovga olinganlarni ushlab turdi, o‘ziga xos jihati shunda ediki, garovga olingan aeroport binosining tashqi xavfsizligini Uganda askarlari olib borgan.
Hattoki diktator Idi Aminning o‘zi asirga olingan isroilliklarga ularning taqdiri Isroil hukumatining qo‘lida ekanini ta’kidlab, o‘nlab falastinlik terrorchilarni Isroil qamoqxonalaridan ozod etishni talab qilgan, shuningdek, boshqa qamoqxonalarda, xususan, Fransiya, Germaniya, Shveysariya va Keniyada bo‘lgan yana 13 terrorchini ozod qilinishini talab qilgan.
Terrorchilar yo‘lovchilarni ichidan isroilliklarni tanlab olgan va samolyot qo‘lga olingandan ikki kun o‘tgach, faqat isroilliklarni qoldirib, boshqa davlat fuqarolarini ozod qilgan. Entebbe aeroportida garovga olingan isroilliklar bilan birga fransuz ekipaji ham qoldi. Entebbe aeroportida jami yuzdan ortiq kishi garovda qolgan edi.
Operatsiyaga tayyorgarlik
Isroil hukumati mojaroni hal qilish uchun barcha mumkin bo‘lgan diplomatik kanallardan foydalangan. Shu bilan birga, qat’iy maxfiylik sharoitida harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rildi, bu operatsiya keyinchalik jahon maxsus xizmatlarining darsliklariga eng dadil va muvaffaqiyatli operatsiya sifatida kiritilgan.Diplomatlarning sa’y-harakatlari tufayli ultimatumni keyinga qoldirish imkoniyati paydo bo‘ldi: dastlab terrorchilar garovga olinganlarni 1-iyul kuni o‘ldirish bilan tahdid qilgandi. Bir necha yil oldin “Entebbe operatsiyasi” hujjatlarining bir qismidan maxfiylik belgisi olib tashlandi va ular ommaga e’lon qilindi. Bu hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, diplomatik muzokaralar faqat qutqaruv operatsiyasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqtni cho‘zish maqsadida olib borilgan.
Bu misli ko‘rilmagan operatsiya edi, buning uchun ko‘plab faktorlarni, shu jumladan, tasodifiy omillarni ham hisobga olish kerak edi. Amaliyotni rejalashtirishda Isroil Mudofaa kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Mordexay Gur, Harbiy razvedka (AMAN) operativ boshqarmasi boshlig‘i Ehud Barak (keyinchalik, Isroil Bosh vaziri), Isroil havo kuchlari qo‘mondoni Beni Peled (1928–2002), maxsus kuchlar qo‘mondoni Yonatan Netanyaxular ishtirok etdi. (Isroil hukumatining amaldagi rahbari Benyamin Netanyaxuning akasi).
Keyinchalik, ushbu qutqarish operatsiyasi terrorchilar bilan otishmada halok bo‘lgan Yonatan Netanyaxuning sharafiga “Yonatan operatsiyasi” deb nomlangan.
Eski tajriba qo‘l keldi
Isroil maxsus kuchlarining qo‘lida bir nechta variantlar mavjud edi. Isroil harbiy mutaxassislari orasida avvalgi yillarda (1960-yillarning oxiri va 70-yillarning birinchi yarmida) Uganda armiyasining harbiy maslahatchisi sifatida Entebbe aeroportiga bir necha bor tashrif buyurganlar bor edi. Bular diktator Idi Amin mamlakat boshlig‘i bo‘lishidan oldin yuz bergandi. Isroil harbiylari aeroport rejasini juda yaxshi bilgan, bu esa operatsiya vaqtini va u bilan bog‘liq xavflarni sezilarli darajada kamaytirgan.“Bizda oldin ham Entebbe shahriga uchgan va aerodromni besh qo‘li kabi biladigan uchuvchilar bor” – deydi General Peled E. Barakga. Ular shoshilinch ravishda Isroil aviabazalaridan birida Entebbe aeroportining maketini quradi va desantchilar zarur harakatlarning muvofiqligiga erishguncha kuniga bir necha marta aeroportni “shturm qilishadi”.
Shunga qaramay, xavf juda katta edi. Amaliyot rahbariyati operatsiya paytida bir necha o‘nlab desantchilar va garovga olinganlar nobud bo‘lishi mumkinligini hisobga oldi. Baribir qaror qabul qilindi – Isroil harbiy-havo kuchlarining samolyotlari Ugandaga ketayotgan paytda operatsiyani boshlash to‘g‘risida buyruq qabul qilindi.
Qora Mercedes xatosi
So‘nggi rusumdagi “Gerkules” transport samolyotlaridan to‘rttasi bortida jiplar va desantchilar bilan havoga ko‘tarilib, Entebbe tomon yo‘l oldi. Yana ikkita Isroil samolyoti Isroilga do‘stona munosabatda bo‘lgan Keniya poytaxti Nayrobiga qo‘ndi, u yerda dala kasalxonasi joylashtirildi. Bundan tashqari, Keniya isroilliklarga samolyotlariga yonilg‘i quyishga ruxsat berish orqali yordam berdi.Bu orada, Entebbe shahrida ultimatum muddati nihoyasiga yetmoqda va terrorchilar garovga olinganlardan har soatda ikki kishini otib tashlashni rejalashtirmoqda edi. 1976-yil 3-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 23:00 da Entebbe shahriga Isroilning “Gerkules”lari qo‘ndi, uning ichidan jiplar va yonida bayroqlar bilan bezatilgan qora Mercedes avtomobili chiqib keldi. Harbiy rejaga ko‘ra, qora Mersedes avtomobili aeroport qo‘riqchilari tomonidan Idi Aminning mashinasi sifatida ko‘rilishi kerak edi.
Uganda diktatori o‘zining qora Mercedes’ini oq rangli Rolls-Royc’ga almashtirganini Isroil harbiylari bilmas edi. Soqchilar buni payqab qoldi va kortejni to‘xtatishni buyurdi. Bunga javoban Isroil “spetsnaz”chilari ovozsiz pistoletlar bilan ularni mahv etdi. Bu zaruriy chora edi, chunki qo‘riqchilar shovqin ko‘tarishlari mumkin edi va oqibatda, operatsiya xavf ostida qolardi.
Natija
Samolyotlar Entebbe aeroportiga qo‘ngan vaqtdan boshlab yoqilg‘i to‘ldirish uchun Nayrobiga jo‘nagunga qadar bo‘lgan butun operatsiya bir yarim soat davom etdi. Isroillik harbiylar aeroportning terminal binosiga shiddat bilan kirishdi. Otishma ikki daqiqadan kam davom etdi, shu vaqt ichida barcha terrorchilar yo‘q qilindi. Garovga olinganlar orasida ham qurbonlar bo‘lgan.Uchtasi otishma vaqtida halok bo‘ldi, bundan oldin Kampala kasalxonasiga olib borilgan yana bir garovga olingan ayol esa isroilliklardan o‘ch olishni rejalashtirgan Idi Amin buyrug‘iga binoan ugandalik zobitlar tomonidan o‘ldirilgan. Ushbu amaliyotdan uch yil vaqt o‘tgach, Uganda diktatori ag‘darilib hujjatlar ochilganida, uning buyrug‘i bilan Keniya Isroilga yordam berganiga javoban mamlakatdagi bir necha yuz keniyaliklar o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi.
1976-yil 4-iyul kuni ertalab butun dunyoga isroilliklarning misli ko‘rilmagan jasur va muvaffaqiyatli operatsiyalari haqidagi xabarlar tarqadi. G‘arb davlatlari Isroilni samimiy qo‘llab-quvvatladi, ammo shu bilan birga BMT Xavfsizlik kengashi Isroilni “Ugandaning suverenitetini qo‘pol ravishda buzishda” aybladi.
Oradan bir necha yil o‘tgach, AQSh harbiylari Tehronda “Entebbe operatsiyasi”ning ssenariysini takrorlashga urinib ko‘rdi, u yerda islom inqilobchilari hokimiyatga kelganidan so‘ng AQSh elchixonasining 53 xodimi garovga olingandi, ammo ularning “Burgut tirnog‘i” operatsiyasi muvaffaqiyatsiz tugadi. Bu endi umuman boshqa hikoya...
Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)