Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 30-iyundagi qaroriga muvofiq, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va mamlakatda doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ixtiyoriy ravishda o‘z hisobidan mehmonxonalarda karantinga olish tartibi belgilandi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur tartib bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda fuqarolarni karantin talablari asosida joylashtirishga yetarli sharoit yaratgan va ularni qabul qilishga rozilik bildirgan mehmonxona faoliyatini yurituvchi tadbirkorlik subyektlari ro‘yxatlari shakllantirildi. Unga ko‘ra:

  • 300 ming so‘mgacha narxdagi 599 ta o‘ringa mo‘ljallangan jami 13 ta;
  • 301-500 ming so‘m narxdagi 4256 ta o‘ringa mo‘ljallangan jami 54 ta;
  • 501 ming so‘mdan yuqori narxdagi 3616 o‘ringa mo‘ljallangan jami 35 ta mehmonxona ro‘yxati shakllantirilgan.

Qo‘mita tomonidan ta’kidlanishicha, bitta reysda O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarning Milliy gvardiya tomonidan tun-u kun qo‘riqlanadigan mehmonxonalarga tartibli joylashtirilishi, aholi o‘rtasida koronavirusning keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida mehmonxonalarning ro‘yxati har bitta narx toifasidan 3 tadan — jami 9 ta eng kam narx taqdim qilgan mehmonxonalar kesimida e’lon qilib boriladi. Bunda mehmonxonalar o‘rinlari soni karantinga olingan fuqarolar va qayd etilgan bronlar hisobiga to‘lgach, ro‘yxat yangilab boriladi.

Karantinni mehmonxonada o‘tkazish bo‘yicha yo‘riqnomaga ko‘ra, mehmonxonalarga 14 kunlik karantinga “qizil” reyslar bilan O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslar olinadi.

Mehmonxonalarda karantin muddatini o‘tash va xizmat ko‘rsatish pullik asosda amalga oshiriladi. Joylashtirish narxi oldindan ma’lum qilinadi, mehmonxona narxi jihatdan 3 xil toifasi taklif etildi. Mazkur toifalar bo‘yicha shakllantirilgan mehmonxonalar ro‘yxati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rasmiy veb-sahifasi va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali olish mumkin.

Mehmonxonalarda turishni istamagan shaxslar maxsus karantin markazlariga karantin davrini o‘tash uchun yuboriladi.

Mehmonxonalar tomonidan olib kelingan, lekin karantinni mehmonxonalarda o‘tkazishni xohlamagan fuqarolar karantin markazlariga ushbu fuqarolarning o‘z hisobidan yo‘l-patrul xizmati xodimlari kuzatuvi ostida yetkaziladi va belgilangan tartibda vaqtincha karantinda saqlanadi.

Mehmonxonalarda karantin muddatini o‘tash istagini bildirgan fuqarolar xalqaro aeroportga, chegara o‘tkazish punktlariga yetib kelganidan so‘ng belgilangan mehmonxona nomiga ariza to‘ldiradi.

O‘zbekiston hududiga kirib kelgach mehmonxonada yoki maxsus karantin markazlarida karantin muddatini o‘tash istagini bildirgan shaxslar alohida transport vositasi orqali hamda ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvi ostida o‘zlari tanlagan toifadagi mehmonxonalarga yetkazib boriladi va joylashtiriladi. Transport va kuzatuv xarajatlari umumiy mehmonxona xizmatlar narxining ichiga kiritiladi.

Bunda fuqarolar eng arzon narxlar taklif etgan mehmonxonalarga birinchi navbatda joylashtiriladi.

Mehmonxona xizmatlari uchun to‘lov unga joylashgandan so‘ng uch kun mobaynida to‘lanishi lozim. To‘lovni amalga oshirmagan shaxslar maxsus karantin markazlariga ko‘chiriladi. Pul to‘lamagan shaxslar maxsus karantin markazlariga olib kelingan kundan boshlab 14 kunlik muddatga karantinga olinadi.

Fuqarolar mexmonxonalarda karantinga joylashtirilganidan so‘ng ulardan 1 sutka ichida va 11 kundan keyin takroriy koronavirus uchun polimeraza zanjirli reaksiya (PZR) laboratoriya testi olinadi.

Mehmonxonalarda 24 soat uzluksiz tibbiyot xodimlari navbatchiligi amalga oshiriladi. Mehmonxona sanitariya xavfsizlik me’yorlari va standartlari talablariga muvofiqlashtiriladi va doimiy tarzda sanitariya-epidemiologiya markazlari nazorati ostida dezinfeksiya va boshqa profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi va joylashtirilgan shaxslar himoya vositalari, shu jumladan, tibbiy niqob va bir martalik qo‘lqop bilan ta’minlanadi.

Tibbiyot xodimlari karantinda saqlanayotganlarning holatini kuniga kamida 2 marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi. Kasallikka chalinganlikda gumon qilingan yoki yuqori haroratli shaxslar tashkil qilingan izolyatorga joylashtiriladi va ulardan qo‘shimcha polimeraza zanjirli reaksiya (PZR) laboratoriya testlari olinadi.

Mehmonxonalarda karantinga olingan fuqarolarda koronavirus bilan bog‘liq bo‘lmagan kasalliklar aniqlangan taqdirda ularning shifokor xulosasi bilan hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan boshqa tegishli davolash muassasalariga ko‘chiriladi.

Mehmonxonalarda toifadan kelib chiqib standart menyu asosida 3 mahal ovqatlanish ta’minlanadi. Alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish taqiqlanadi. Ovqatlanish yashash uchun ajratilgan xonalarda amalga oshiriladi.

Karantin muddati o‘talayotgan mehmonxonalar ham karantin zonasi hisoblanadi va mazkur obyektlarga karantinga olinuvchilarni yetkazib kelish va u yerda izolyatsiyada saqlash ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Mehmonxonalardagi karantin zonalarini tark etish taqiqlanadi.

Karantinga olingan shaxslar xalqaro aeroportlar, chegara o‘tkazish punktlaridan mehmonxonaga yetkazib kelish va mehmonxonalarda karantin muddatini o‘tash vaqtida o‘rnatilgan sanitariya-gigiyena qoida talablariga, shu jumladan, himoya vositalaridan (niqoblar) foydalanish, polimeraza zanjirli reaksiya (PZR) laboratoriya test sinamalari topshirish, ijtimoiy masofani saqlash va izolyatsiya qoidalariga qat’iy rioya qilishga majburdir.

Mehmonxonalarga shaxsiy buyumlarni olib kirish faqatgina sanitariya-gigiyena tozalashdan so‘ng amalga oshirish mumkin. Mehmonxonalarda mobil aloqa vositasini ishlatishga ruxsat beriladi.

O‘zbekiston Respublikasiga yetib kelgan yo‘lovchilarni kelish, tegishli obyektlarga olib borish va karantin muddatini o‘tashning barcha bosqichlarida qarindoshlar va tanishlar bilan ko‘rishish taqiqlanadi.

Karantin muddati (14 kunlik) yakunlangach, sog‘lig‘i tekshirilib, PZR laboratoriya test sinamalari kasallik mavjud emasligini tasdiqlaganidan so‘ng shaxslar mehmonxonani tark etishlari mumkin.