Toshkent viloyati Ohangaron shahrida ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida joylashgan do‘konda yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qilgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

FVVning ma’lum qilishicha, 28-iyun kuni soat 14:15 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Ohangaron shahri “Guliston” MFYda joylashgan ko‘p qavatli uyning 1-qavatidagi do‘konda yong‘in kelib chiqqani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Ushbu hududning 190 metr kvadrat maydoni, ya’ni do‘konning shifti va ichki jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlariga zarar yetgan.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv guruhi voqea joyiga yetib borib, yong‘inni o‘z vaqtida bartaraf etgan. Qutqaruvchilarning harakatlari natijasida 90 metr kvadrat maydon saqlab qolingan.

Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaning kelib chiqishiga Damas hamda “Zil-130” mashinalarining to‘qnashuvi sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

“Kelib chiqqan yong‘inda halok bo‘lgan va jabrlangan fuqarolar bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan”, — deyilgan xabarda.

Avval Yangiyo‘ldagi qog‘oz zavodida yirik yong‘in yuz bergani, uni bartaraf qilishga 36 ta o‘t o‘chirish brigadasi jalb qilingani, Sirdaryoda nodavlat ta’lim muassasasidagi yong‘in vaqtida 111 nafar o‘quvchi va o‘qituvchi evakuatsiya qilingani, Andijondagi tikuv sexida, shuningdek, Sergelidagi paxta korxonasi omborxonasida yong‘in chiqqani to‘g‘risida xabarlar berilgan.