Davlat statistika qo‘mitasi 2020-yilning yanvar—may oylarida O‘zbekistonga import qilingan mashinalar va transport asbob-uskunalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Foto: “1Gai.ru”

Ma’lumotlarga ko‘ra, aniq sohalar uchun maxsus mo‘ljallangan mashinalarga 755,4 million dollar sarflangan. Avtomobillarning ehtiyot qismlari uchun 411,4 dollar to‘langan.

Shuningdek, avtomobillar, asosan, yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtoulovlar (10 va undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan transport vositalaridan tashqari) 205,9 million dollarga tushgan. Sanoat uchun maxsus bo‘lmagan mashinalar va ularning detallariga 578,8 million dollar sarflangan.

Elektr aloqasi, ovoz yozish va eshittirish uskunalariga 253,3 million dollar ketgan bo‘lsa, elektr mashinalari, apparatlar, asboblar va ularning ehtiyot qismlari 249,5 million dollarga tushgan.

Avvalroq O‘zbekistonda yanvar—may oylarida avtomobil ishlab chiqarish hajmi oshgani to‘g‘risida xabar berilgandi.