Xitoyning Chutsin tibbiyot universiteti olimlari koronavirus infeksiyasining tashuvchilari ustida dastlabki tajribani o‘tkazdi hamda sakkiz haftadan so‘ng ko‘pchilikda antitana darajasi kamayishini aniqladi, deb yozadi CNBC.

Foto: EPA

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, simptomlarsiz koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarda antitanalar tezroq yo‘qoladi.

“Ushbu natijalar populyatsion immunitet ishlab chiqish hamda koronavirus ustidan to‘liq g‘alaba qozonish imkoniyatini shubha ostiga qo‘yadi”, — deyiladi xabarda.

Olimlar simptomlarsiz koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 37 ta holat hamda simptomlar bilan kasallangan 37 nafar bemorni kuzatish natijalariga ko‘ra shunday xulosaga kelgan.

“Sakkiz haftalik kuzatuvlar mobaynida 81 foiz simptomlarsiz kasallarda hamda 62 foiz COVID-19 simptomlari aniqlangan bemorda antitanalar miqdori kamaygani aniqlangan”, — deydi olimlar.

Olimlarning hisoblashicha, qayta kasallanish ehtimolini vaqt ko‘rsatadi. Simptomlarsiz og‘rigan bemorlarda mustahkam immunitet shakllanmaydi. Vaqtinchalik immunitet esa 2-3 oyga yetishi mumkin.

Olimlarning ta’kidlashicha, ular hozirgacha virusning ta’sir doirasini o‘rganmoqda.