Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 5-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda “Paxtakor” 19-iyun, juma kuni o‘z maydonida Toshkentning boshqa bir klubi “Bunyodkor”ni qabul qildi.

Foto: “Bunyodkor” FK

Toshkent derbisining birinchi daqiqasidayoq hisob ochildi. “Qaldirg‘ochlar” hali maydonga moslashib ulgurmasidan Sardor Sobirxo‘jayev o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. Shundan so‘ng “qaldirg‘ochlar” oradagi farqni yo‘qqa chiqarish uchun qator hujumlarni uyushtirdi va biroz himoyani unutib qo‘ydi. Bundan esa Dragan Cheran foydalanib, “Bunyodkor”ni ikki bor jazoladi. Tanaffusga 1 daqiqa qolganda esa Eren Derdiyok hisobni 4:0 ko‘rinishiga olib keldi.

Uchrashuvning ikkinchi 45 daqiqaligi dastlabkisiga nisbatan sokinroq boshlandi. Shunga qaramay, “sherlar” 62-daqiqaga kelib, hisobni 5:0 ga yetkazdi — Masharipovning zarbasi Lutfulla To‘rayevga tegib, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib darvozadan joy oldi. Shu tariqa Toshkent derbisida amaldagi chempion “Paxtakor” yirik hisobda g‘alabani qo‘lga kiritdi.

“Paxtakor” mazkur g‘alabasidan keyin 12 ochko to‘plagan holda, birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan bo‘lsa, “Bunyodkor”ning ochkolari (9) o‘zgarishsiz qoldi.

Superliga

5-tur bahsi

19-iyun, juma

“Paxtakor” – “Bunyodkor” 5:0

Gollar: 1:0 – 1 Sobirxo‘jayev, 2:0 – 40 Cheran, 3:0 – 42 Cheran, 4:0 – 44 Derdiyok, 5:0 – 62 To‘rayev (avtogol).

“Paxtakor”: Suyunov, Alijonov (Salimov, 63), A’zamov, Krimets (Ismailov, 63), Sayfiyev, Hamrobekov, Sobirxo‘jayev (Sobirjonov, 81), Hamdamov (Iminov, 81), Cheran, Masharipov, Derdiyok (Sergeyev, 63).

“Bunyodkor”: Abdujalilov, Qobilov, G‘ofurov (Qahramonov, 76), Ahmadaliyev, Jaloliddinov (Erkinov, 76), Yo‘ldoshev, To‘rayev (Izzatov), Qodirqulov, To‘xtasinov, Nurmurodov (Ikromov, 31), Murtazoyev.

Ogohlantirishlar: Masharipov (13), Ikramov (61).

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!