O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati Vazirlar Mahkamasida koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq holatdan so‘ng bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan xodimlarning karantinga olinganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

“Joriy yil 17-iyun kuni Vazirlar Mahkamasi xodimlarining ikki nafaridan COVID-19 infeksiyasi aniqlandi. O‘rganishlar natijasida koronavirus ularda klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechayotgani ma’lum bo‘ldi.

Belgilangan tartibda zarur choralar ko‘rilib ushbu xodimlar shifokorlar nazoratiga olindi. Ular bilan ish jarayonida muloqotda bo‘lgan xodimlar ikki hafta muddatga karantinga o‘tkazildi va ayni paytda Vazirlar Mahkamasi doimiy tartibda ishlamoqda.

Shuni alohida qayd etish lozimki, hukumat pandemiya davrida muntazam ravishda faoliyat yuritib kelmoqda”, — deyiladi Bosh vazir matbuot xizmati xabarida.

Vazirlar Mahkamasidagi departamentlardan birining mudirida koronavirus aniqlangani, hukumat binosi qat’iy karantinga olingani 17-iyun kuni ma’lum bo‘lgandi. “Daryo”ning hukumatdagi manbasi bu xabarni tasdiqlagandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi Vazirlar Mahkamasidagi koronavirusni yuqtirib olish holati 18-iyun kuni tasdiqlanganini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda hozirgacha 5730 kishida koronavirus aniqlangan, ulardan 4166 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 19 nafari vafot etgan.