Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 4-turida “Paxtakor” 14-iyun, yakshanba kuni Jizzaxda “So‘g‘diyona” mehmoni bo‘ldi.

Foto: PFL

Poytaxtliklar ilk daqiqalardan boshlab to‘p nazoratini ushlab turishga va xavfli vaziyatlar yaratishga harakat qildi. Biroq “So‘g‘diyona” futbolchilari himoyada tartibli o‘yin ko‘rsatdi. 30-daqiqada Sanjar Quvvatov jarima maydonchasi ichida Jasur Hasanovga nisbatan qo‘pollik qilgani uchun “Paxtakor” darvozasiga penalti belgilandi. 11 metrlik zarbadan esa Shoxruz Norxonov unumli foydalana olmadi. Shu tariqa birinchi bo‘limda darvozalarga to‘p kiritilmadi.

Tanaffus vaqtida Ulug‘bek Baqoyevdan kerakli ko‘rsatmalarni olgan jizzaxliklar ikkinchi bo‘limni ko‘tarinki kayfiyatda boshladi va 50-daqiqada chap qanotdan oshirilgan to‘pni Norxonov darvozaga joylab qo‘ydi. “Sherlar” so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirish uchun har qancha urinmasin, mezbonlar o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola oldi.

Mazkur g‘alabadan so‘ng “So‘g‘diyona” ochkolarini sonini 4 taga yetkazib, “Navbahor” va “Mettallurg”ga yetib olgan bo‘lsa, “Paxtakor” 9 ochko bilan birinchi o‘rinda bormoqda.

Superliga

4-tur bahsi

14-iyun, yakshanba

“So‘g‘diyona” — “Paxtakor” 1:0

Gol: 1:0 – 50 Norxonov

“So‘g‘diyona”: Mitrovich, Qulmatov, Shoyqulov, Orifov, No‘monov, Boltaboyev (Rashidov, 68), Norxonov (Nasimov, 74), Hasanov (Dantas, 68), Shixov (Jo‘rabekov, 74), Nagayev (Qahramonov, 33), Kolakovich.

“Paxtakor”: Quvvatov, Alijonov, A’zamov (Ismailov, 72), Krimets, Sayfiyev, Hamrobekov, Sobirxo‘jayev (Sergeyev, 72), Hamdamov (Sobirjonov, 79), Cheran, Masharipov, Derdiyok.

Ogohlantirishlar: Krimets (21), Orifov (21), Quvvatov (30), Qulmatov (41).

Amalga oshirilmagan penalti: Norxonov (31).

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!