“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida hokimlarni xalq tomonidan saylash amaliyotini joriy etish haqidagi joylashtirilgan petitsiya 10 mingdan ortiq ovoz to‘pladi. Endi u parlament tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Foto: “Daryo”

Unda har bir tuman yoki shahardan belgilangan miqdorda nomzod tanlab, ularning eng ma’qulini saylov o‘tkazish yo‘li bilan saylash kerakligi, saylangan hokim ishini baholashni esa yana o‘sha xalq zimmasida qoldirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlangandi.

“Ijtimoiy tarmoqlardan ma’lumki, hozirda ko‘plab hokimlarga nisbatan aholining norozilik kayfiyati mavjud. Shu tufayli hududlarda aholini boshqaradigan hokimlarni xalqning o‘zi tanlashi va saylash amaliyotini joriy etish zarur. Shundagina hokimlarimiz xalq dardini eshitadi, u bilan birga ishlaydi”, — deb yozgandi petitsiya muallifi.

Xabar yozilgan vaqtda petitsiyaga 10 288 kishi ma’qullab ovoz bergan, 98 kishi esa qarshi chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, elektron jamoaviy murojaat jamoatchilik tomonidan yetarli miqdorda qo‘llab-quvvatlanganda u tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari yoki xalq deputatlari mahalliy Kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Murojaatni ko‘rib chiqish va u bo‘yicha qaror qabul qilish muddati 60 kundan oshmasligi lozim.