Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Marg‘ilondagi Hunarmandlar markazini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Marg‘ilondagi ushbu markaz mohir usta Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan. Bu yerda 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 dan ortiq turdagi atlas va adras to‘qish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 2 mingga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etilgan.
“Mening eng katta islohotim – har bir oilaning nuri bo‘lgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish. Sizlarning ko‘zingizdagi ishonchni, umidni ko‘rib baxtiyor insonman. Ayollarni qancha rozi qilsak, Yaratgan bizga kuch-qudrat, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik beradi. Butun dunyo pandemiya oqibatida katta qiyinchilikka uchrayapti. Hech kim ishonmagandi, shu sharoitda mana shunday korxonalar ishga tushira olamiz deb. Bu – Farg‘onadagi o‘zgarishlarning boshlanishi, qaldirg‘ochi. Xudo xohlasa, natijalarimiz bundan ham yuqori bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shavkat Mirziyoyev ikki qavatli markazning quyi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar to‘qish jarayonlarini kuzatgan, birinchi qavatdagi tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi, podium, chevarxona ishini ko‘zdan kechirgan. Bu yerdagi do‘konda matoga gul chizish, bog‘lash, davra, qad tayyorlash jarayonlari ko‘rgazmali tarzda namoyish etib berilgan.
Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, chevarlarga 3,5 million so‘mgacha maosh beriladi. Markaz 600 ishchiga mo‘ljallangan, xotin-qizlarning qolgani kasanachilik asosida uyda o‘tirib mehnat qiladi.
Markazni ko‘zdan kechirish chog‘ida Shavkat Mirziyoyevga viloyatda ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi. Prezident tarmoq korxonalariga yer ajratib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarga hozirgi qiyin sharoitda iqtisodiy yordam berish zarurligini ta’kidladi, shuningdek, Farg‘ona viloyatida kambag‘al aholi bilan ishlash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar bilan ham tanishdi.
Avval Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Qo‘shtepadagi dalada g‘alla rivojini ko‘zdan kechirgani, Farg‘ona intensiv bog‘dagi daraxt qatorlari orasiga sarimsoqpiyoz va dukkakli ekinlar ekish bo‘yicha ko‘rsatma bergani, Toshloqdagi “Global G.A.P.” xalqaro sertifikatiga ega korxonaga tashrif buyurgani, shuningdek, yiliga 500 mingta santexnika mahsuloti ishlab chiqaradigan korxonani borib ko‘rgani haqida xabarlar berilgan.