AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot kotibi Dilafro‘z Ikromova davlatga qarashli maktabgacha ta’lim muassasalarining kechroq ochilayotganining sababi va ushbu bog‘chalarning qachondan ish boshlashi mumkinligi haqida ma’lumot berdi.

“Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 15-iyundan boshlab, “yashil” va “sariq” hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatiga ruxsat beriladi.

Hozirda Maktabgacha ta’lim vazirligi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, JSST va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh bilan MTTlar faoliyatini tiklash borasida qo‘yiladigan talablar tartibi to‘g‘risida nizom ishlab chiqmoqda.

MTTlar faoliyati xavfsizligini ta’minlash maqsadida barcha sharoitlarni yaratish, jumladan, tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishini tashkil etish uchun oziq-ovqatlar, himoya vositalarini sotib olish, o‘rnatish va dezinfeksiya qilish ishlari, shuningdek, MTT xodimlarini mehnat ta’tilidan chaqirish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Zarur xavfsizlik choralarini ta’minlab beruvchi xususiy MTTlari 2020-yil 15-iyundan faoliyatini boshlashi mumkin.

Maktabgacha ta’lim vazirligi barcha holatlarni inobatga olib, davlat MTTlari faoliyatini xavfsiz va sifatli tashkil etishga qaratilgan dastur asosida 15-iyundan 1-iyulgacha yo‘lga qo‘yadi. Shu bois vaziyatni to‘g‘ri baholashingizni so‘raymiz”, – degan Dilafro‘z Ikromova.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-iyundan “sariq” va “yashil” hududlarda sport to‘garaklari, fitnes klublar va sport zallari faoliyatiga ruxsat berilgan, 2020-yil 4-iyun kuni 5-iyundan masjidlar, 15-iyundan restoran va bog‘chalar ochilishi haqida respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilingan.