Ispaniyalik afsonaviy tennischi, dunyoning ayni damdagi ikkinchi raqamli raketkachisi Rafael Nadal 3-iyun sanasida 34 yoshni qarshi oldi.

Sportchi ko‘plab jarohatlariga qaramay o‘z davrining eng yaxshilaridan biri hisoblanadi. Uning hisobida “Ulkan toj” tasnifiga kiruvchi 19 ta sovrin bor. Shuningdek, Nadal Rolan Garros musobaqasida 12 marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va bu rekord natija hisoblanadi.

Foto: Getty Images

Rafael qumli kortlardagi muvaffaqiyatli harakatlari bilan mashhur. U 59 marta qumli kortlarda o‘tgan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan.

E’tiboringizga Nadalning eng sara iqtiboslari va fikrlarini havola etamiz.

Tennisga kirib kelishi borasida

“Menga jamoada o‘ynash yoqardi, Toni amakimning aytishicha, avvaliga tennisni zerikarli deb bilganman. Biroq guruhda shug‘ullanganim keyinchalik asqatgan. Agar o‘shanda kortda faqat men va amakim bo‘lganida, bo‘g‘ilib ketardim. Faqat 13 yoshimga kelib, tennis kelajagim ekanini tushunganman. Keyin u meni shug‘ullantirishni boshlagan”.

Ona yurti haqida

“O‘z yurtim, Manakorga (Malyorka, Ispaniya) kelsam bor vaqtimni oilam va yaqinlarim bilan o‘tkazaman. Bu yerda hech kim menga e’tibor qaratmaydi, men oddiy yigitman va bu men uchun juda muhim”.

Faoliyatini qachon yakunlashi borasida

“Men tennis haqida yaxshi gaplar aytaman, chunki buning evaziga orzu ham qilmagan narsalarga erishdim. Biroq faoliyatimni tanamning barcha joylarida og‘riq bilan yakunlamoqchi emasman. Balki Federer faoliyatini yakunlaganda barra bodring kabi bo‘lar, chunki unda o‘ziga xos organizm bor. Na Marrey, na Jokovich va na men tennisni “bodring” bo‘lib yakunlay olamiz”.

Hard maydonlar haqida

“Hard (sun’iy qoplamali maydon) juda zararli. Agar kelajak avlod ko‘proq o‘ynashni xohlasa va faoliyatini yuqori jismoniy holatda yakunlashni istasa, bu kortlarda kamroq o‘ynashi kerak. Menimcha, ATP yo‘l topishi kerak va bunday kortlarda musobaqalar tashkil qilishni kamaytirishi lozim. U tizza, to‘piq, tovon, bel va barcha tana a’zolari uchun zarar”.

O‘yin oldi qo‘rquvi haqida

“Men ko‘p narsadan qo‘rqaman. Masalan, qopog‘on itdan. Balki kortda jasurdek ko‘rinarman, biroq aslini olganda qo‘rquvda bo‘laman. O‘yinlar oldidan asabiylashmaydigan o‘yinchining o‘zi yo‘q. Ayniqsa muhim o‘yinlar oldidan”.

Foto: Getty Images

Kelajagi borasida

“Menga sport yoqadi va tennisdan so‘ng sportga oid birorta sohada ishlamoqchiman. Bunga ishonchim komil, chunki sportni yaxshi ko‘raman. Bu tennis bo‘lmasa ham, aniq sportga oid bo‘ladi. Albatta, Malyorkada vaqt o‘tkazish va dam olish yoqadi. Biroq menga harakat kerak, biror nima bilan shug‘ullanishim lozim, motivatsiyam bo‘lishi kerak. Menga divanga yotvolib, televizor ko‘rish yoqmaydi”.

Jarohatlar haqida

“Menda jiddiy jarohatlar bo‘lgan va ulardan so‘ng yanada kuchliroq bo‘lib qaytganman”.

Doping yoki tennisdan ketish?

“Men uchun sport — hayot falsafasi. Doping iste’mol qilish yoki firibgarlikka qo‘l urishdan ko‘ra faoliyatimni yakunlab qo‘ya qolishni afzal ko‘raman”.

Foto: Getty Images

Faoliyatidagi eng yaxshi o‘yin

“Uimbldon—2008 finalida Rojer Federerga qarshi bahs — faoliyatimdagi eng muhim uchrashuv. Boshqa hech qaysi bahs buning yaqiniga ham yo‘lay olmaydi”.

Federer haqida

“Rojerning ko‘rsatkichlari menikidan yuqori — bu haqiqat. Boshqa hech kim u kabi ko‘p “Ulkan toj”ga ega chiqmagan yoki reyting yetakchiligini saqlab turmagan. Bu raqamlar uning tarixdagi eng yaxshi tennischi ekanini anglatib turadi. Raqamlar aynan shuning uchun kerak”.

Foto: Getty Images

Reytingi past raqiblar haqida

“Albatta, har bir raqibni hurmat qilish kerak va uning g‘alaba qozonish imkoniyatini ko‘rib chiqish lozim. Reytingning 500-raqamli raketkachisi bilan ham bir yoki ikkinchi o‘rindagi tennischi bilan bahs yuritgandek o‘ynash kerak”.

Baliq ovidagi baliq va kortdagi raqibning farqi haqida

“Baliqni ko‘rmayman, raqibni esa — ko‘raman”. Bu “prinsipial raqobat” deganlariga umuman tushunmayman. Biz bir turdamiz va hamkasbmiz. Bizning ish — bir birimizga qarshi o‘ynash va buni bor kuchimiz bilan ado etish”.

Raqobat haqida

“Bizning davrimizda hamma jabhada g‘olib bo‘lish juda qiyin. Gap faqat men haqimda emas. Men shunchaki o‘yinchilardan biriman. Barcha musobaqalarda faqat eng yaxshilar bilan to‘qnash kelishga to‘g‘ri keladi. Hech qaysi finalda tasodifan kelib qolgan raqib bo‘lmaydi”.

Motivatsiya haqida

“Bunday raqiblar borligi, mening omadim. Bu yanada rivojlanish uchun motivatsiya beradi. Kuchinga kuch qo‘shib bormasang, u holda sen murdasan — tennis olamidagi raqobat shunaqa”.

Foto: Getty Images

Kamtarlik

“Ha, men musobaqaning birinchi raqamli raketkachisiman, biroq birinchi raqamli tennischi har doim ham yutavermaydi”.

G‘alabalar haqida

“Bu sport — bu yerda yutish va yutqazish mumkin. Biroq yutqazganlar tarixda qolmaydi. Odamlar faqat g‘alabalarni yodda saqlab qoladi”.

Asosiy raqib haqida

“Mag‘lubiyat — raqib emas. Mag‘lubiyatdan qo‘rqish — bu mening asosiy raqibim”.

Mag‘lubiyat haqida

“Men yutqazdim — bu fojia emas. Bu shunchaki tennis uchrashuvi. Hayotda tennisdan boshqa narsalar ham bor. Ularning ba’zilari tennisdan ham mumkin”.

Tennis haqida

“Tennis — bu spektakl, biroq o‘yinchilar uchun yakuniy natija muhim”.

Foto: Getty Images

Nodirxon Hamidxonov tayyorladi