UEFA tashkiloti Yevropa Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi musobaqalari joriy mavsumi borasida yakuniy qaror qabul qilishga yaqin, deya xabar qilmoqda Mundo Deportivo.

Foto: Twitter

Ta’kidlanishicha, katta ehtimol bilan har ikki Yevrokubokning joriy mavsum o‘yinlari “sakkiz finalchi” formatida bo‘lib o‘tadi va  unga Portugaliya poytaxti Lissabon mezbonlik qiladi. Bunda chorak finaldan boshlab uy-safar tizimidagi o‘yinlar bekor qilinadi va bir o‘yinda g‘olib nomi aniqlanadi.

Shuningdek, musobaqalarni Myunxen va Madridda yakunlab qo‘yish varianti ham ko‘rib chiqilmoqda. UEFA bu boradagi yakuniy qarorni 17-iyunda chiqaradi.

Avvalroq Yevrokuboklar Germaniyada “to‘rt finalchi” formatida o‘tkazilishi haqida xabarlar tarqalgandi.

Eslatib o‘tamiz, Chempionlar Ligasi 1/8 final javob bahsidan o‘rin olgan to‘rtta o‘yin o‘tkazilgan va yana to‘rttasi koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgandi. Unga ko‘ra, PSJ, “Atletiko”, “Atalanta” va “Leypsig” jamoalari ¼ finalga yo‘l olgan.

Ma’lumot uchun, Chempionlar Ligasining 2019/20-yilgi mavsumi finali Istanbulda (Turkiya), Yevropa Ligasining hal qiluvchi bahsi esa Gdanskda (Polsha) bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!